Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nurafshon shahrida zamonaviy avtoshohbekat ish boshladi
15:55 / 2021-05-10

Toshkent viloyatining transport infratuzilmasini tubdan takomillashtirish maqsadida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

 Xususan, Nurafshon shahrida zamonaviy Nurafshon avtoshohbekati foydalanishga topshirildi.  

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, Nurafshon shahar hokimi Muzaffar Saliyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hudud faollari, nuroniylar, soha mutaxassislari va jurnalistlar ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda viloyat markazi bo‘lgan Nurafshon shahri ulkan bunyodkorlik markaziga aylandi. Yangi qurilgan avtoshohbekat ham xalqimiz uchun samarali xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Avtoshohbekat salkam 1 gektarga yaqin maydonni egallagan. Yangi inshootlar “Davr-Trans-Plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurildi. Binolardagi ma’muriyat, ta’sischilar uchun alohida xonalar, ona-bola xonasi, oshxona, ikki yo‘lakli kassa-chiptaxonalar, haydovchilar uchun dam olish xonasida barcha sharoitlar yaratilgan. Bino atrofini nazorat qiluvchi 6 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan.

– O‘tgan vaqt davomida hudud obodonlashtirilib, tadbirkorlik sub’ektlari ham joylashtirilmoqda, – deydi Toshkent viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i Sadriddin Shoqosimov. – Bekat hududida ikki qavatli zamonaviy savdo shoxobchalari qad ko‘taradi. Aniqrog‘i, Nurafshon shahri markazidagi avvalgi eski savdo nuqtalari yangi maydondan joy oladi. Muhimi, transportlar kirib-chiqishi, to‘xtab turishi uchun maxsus yo‘laklar ajratilgan. Endilikda “Yulduz-S.X” xususiy korxonasi tomonidan katta hajmdagi avtobuslar tijorat bankining foizli krediti hisobiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoy davlatidan olib kelindi. “Davr-Trans-Servis” MCHJning “Gazel” rusumli mikroavtobuslari, “Davr-Trans-Plyus” MCHJning “Isuzu”rusumli avtobuslari bugundan boshlab markaziy shohbekatdan harakatlanadi.

Xususan, Toshkent viloyati transport boshqarmasining harakat jadvaliga muvofiq “Nurafshon – Qo‘yliq-591”, “Nurafshon –Alimkent-345”, “Burgalik – Qo‘yliq-423”, “Nurafshon – Qaytmas-437” qatnov yo‘nalishlari, “Nurafshon – Qo‘yliq – Chirchiq-522” yo‘nalishida qatnayotgan “Alixan-Trans” avtobuslari yuradi. Shuningdek, Nurafshon hududi bo‘ylab harakatlanuvchi barcha transport vositalari yangi avtoshohbekat orqali yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.

Ta’kidlash o‘rinliki, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” loyihasi asosida yurtimizning Samarqand, Buxoro, Xorazm kabi sayyohlik hududlariga ham Toshkent viloyati aholisi Nurafshon shahridan borib-kelishlari uchun avtoshohbekatda barcha imkoniyatlar mavjud. Xususan, 53 o‘rindiqli eng zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan katta hajmdagi avtobuslar yo‘lovchilar ixtiyorida bo‘ladi.  

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, navbatdagi yirik loyihalardan biri bu viloyat markazi Nurafshonni barcha tuman va shahar markazlari bilan bog‘lashdan iborat. Bu boradagi ishlar ham jadallik bilan davom ettirilmoqda. Buning uchun yangi avtoshohbekat tayanch nuqta bo‘lib xizmat qiladi.

   A.Musayev, O‘zA