Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nurafshon shahrida bir qator madaniyat maskanlarining binolari ochildi
20:38 / 2022-06-08

Dastlab “Nodavlat notijorat tashkilotlari va Do‘stlik uyi” ning ochilishi marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, "Xalq so‘zi" va "Narodnoye slovo" gazetalari bosh muharriri O‘tkir Rahmat, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, viloyati hokimligi, yozuvchi va shoirlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hudud faollari, nuroniylar qatnashdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari va milliy madaniyat markazlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega. “NNT va Do‘stlik uyi”da O‘zbekiston NNT milliy assotsiatsiyasi viloyat bo‘linmasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari viloyat birlashmasi kabi o‘nga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari hamda rus, qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur, tojik, koreys, turkman va ozarbayjon milliy madaniyat markazlarining viloyat bo‘limlari faoliyat yuritadi.

Mazkur “Do‘stlik uyi”da rekonstruksiya ishlari va zarur jihozlar bilan ta’minlash uchun viloyat mahalliy byudjetidan 3,498 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Binoda 50 o‘rinli majlislar zali, anjumanlar zali, kompyuter xonasi, 5 ta to‘garaklar (har bir millatlarning tillarini o‘rgatuvchi til to‘garaklari, milliy raqs to‘garagi, shaxmat to‘garagi, rassomlik to‘garagi hamda ayollarni hunarmandlikka o‘rgatish markazi uchun) o‘quv xonalari, 16 ta ish yuritish xonalari tashkil etilgan.

Shu bilan birga, alohida media markaz faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.

Tadbirda tashkilotchilar tomonidan Toshkent viloyati Nogironlar jamiyatiga xizmat avtomobili topshirildi. Mehmonlar bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, turli millat vakillari bilan suhbatlashdi. Shuningdek, shu kuni shahar markazida Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyati bo‘limi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamda zamonaviy kutubxona binosi ham tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Bino ikki qavatdan iborat bo‘lib, qo‘shimcha hovlisi ko‘kalamzorlashtirilib, tashkilot xodimlari uchun maxsus chorbog‘ ham qurilgan. Biroq yana bir ahamiyatli jihati zamonaviy kutubxona binosi Toshkent viloyati hokimining tashabbusi bilan mazkur hudud Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi binosiga tutashtirilib qurildi. Buning uchun 959 million so‘m mablag‘ ajratildi. Kutubxona minglab badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlandi.

– Bu kabi ijod maskanlarining foydalanishga topshirilishi viloyat ahli uchun katta sovg‘a bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. — Endi viloyatning ko‘plab ijodkor yoshlari bu joylarda kelib ilm-ma’rifatdan quvvat oladi. Sababi bu tashkilotlar bir maqsadda xalqimizga xizmat qiladi, ularni ezgu g‘oyalarga yetaklaydi.

Ochilish marosimida mehmonlar mazkur ma’rifat dargohlarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

A. Musayev, O‘zA.