Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Nurafshon" sanatoriyasi - energetiklarning sevimli dam olish maskani
16:05 / 2021-08-28

Yoz – dam olish va xordiq chiqarish uchun eng qulay fasl.

Shu sababli, hamyurtlarimiz yozgi ta’tilni mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan sanatoriyalar, sog‘lomlashtirish va dam olish maskanlarida o‘tkazishga odatlangan.  

bugungi kunda so‘lim va go‘zal tabiat qo‘ynida joylashgan va barcha qulayliklar yaratilgan bunday go‘shalar mamlakatimizda talaygina. Ulardagi shart-sharoit esa biri ikkinchisini sira takrorlamaydi.  

 Farg‘ona viloyatidagi “Nurafshon” sanatoriyasi ulardan biri bo‘lib, bugungi kunda dam oluvchilarning eng sevimli maskaniga aylanib ulgurgan. Bu yerga keluvchilar dam olish barobarida salomatligini tiklashi uchun barcha qulaylik yaratilgan. Eng muhimi, ushbu maskan jamoasi yangilikka intiluvchanligi va bugungi o‘zgarishlarga monand ishlarga qo‘l urayotgani bilan alohida e’tiborga loyiqdir.

[gallery-3624]

 O‘zA muxbiri “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Nurafshon» sanatoriyasi bosh shifokori Olimjon HASANOV bilan suhbati keyingi yillarda ushbu go‘shada olib borilayotgan ishlar, dam oluvchilarga yaratilayotgan sharoitlar va kelgusi rejalar haqida bo‘ldi.  

–Sanatoriya Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi Chimyon qishlog‘ila joylashgan bo‘lib, u balneologik kurort maskani hisoblanadi, – dedi O. Hasanov. – Farg‘ona shahridan 32 kilometr masofadagi Qatron tog‘ tizimida va dengiz sathidan 450 metr balandlikda joylashgan. O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasurrufidagi mazkur sanatoriya  1997 yil 23 sentyabrda o‘z faoliyatini boshlagan.  

Hozirgi kunda dam olish maskani 114 o‘ringa ega bo‘lib, bu yerda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati xodimlari va ularning oila a’lolari dam olishi, mehnat faoliyati davomida ma’lum ma’noda yo‘qotilgan salomatligini tiklashi uchun tashkil etilgan. sanatoriyada xordiq chiqarish «O‘zbekiston MET» AJ faxriylari uchun bepul, ishchi-xodimlariga 40 foiz, ularning oila a’zolariga esa 50 foizli imtiyozga ega yo‘llanmalar orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, dam olish maskanida boshqa fuqarolar ham dam olib, davolanishi mumkin.

 –Sanatoriyada qanday kasalliklar bo‘yicha muolajalar olib boriladi?

 – Bu maskanda  yurak qon-tomir tizimi, harakat-tayanch organlari, asab tizim, teri, ayollar jinsiy a’zolari va urologik kasalliklarga chalinganlarni davolash uchun barcha sharoitlar yaratilgan.  Sanatoriyada davolashning asosini oltingugurtli mineral suv bilan vanna qabul qilish tashkil etadi. Minerallashuvi turlicha, ya’ni tarkibi 5 dan 95 g/l gacha bo‘lgan oltingugurtli mineral suvdir.

 Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan kasalliklarni davolashda oltingugurtli mineral suvidan keng foydalaniladi. Bu yerda oltingugurtli suv vannasi, barcha fizioterapiya, ultrabinafsha nur, nafas yo‘llarini dori moddalarni ingalyatsiya yo‘li bilan dori yuborib davolash, shuningdek, fitobochka, sirkulyar dush, suvosti massaji kabi muolajalar mavjud. Bundan tashqari, dam oluvchilarga ertalabki gigiyenik badantarbiya va davolash badantarbiyasi, terrenkur, umumiy tartib va parhez buyuriladi.

 O‘tgan 24 yil ichida juda ko‘plab dam oluvchilarni qabul qilganmiz. 2020 yilda karantin sharoitiga qaramay, 1071 nafardan ortiq dam oluvchiga xizmat ko‘rsatdik. Ular orasida charter reyslarda kelganlar va Sardobadagi tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan 68 nafar fuqaroni reabilitatsiya qildik.  2021 yil 1 yanvardan  hozirgi kungacha 1799 nafar davolanuvchi sanatoriyamizda dam olishga muyassar bo‘ldi. Sanatoriya yiliga 2500-2700 nafar fuqaroni qabul qilish imkoniyati mavjud. Bu yerda dam oluvchilar uchun barcha sharoit muhayyo etilgan. Sanatoriya o‘zining isitish qozonxonasi, suv ta’minoti va tozalash inshooti bo‘limlariga ega.  

 Dam oluvchilar bu yerda nafaqat muolaja oladi, balki tashkil etilgan turli tadbirlar ishtirokchisi sifatida madaniy xordiq chiqaradi. Ularning davolanishi va ko‘ngilli xordiq chiqarishida 90 nafardan ortiq shifokor, hamshira, kichik tibbiy xodim,  oshxona va texnik ishchi-xodim xizmatda.

   –bugungi kunda dam olish maskanlarida dam oluvchilarga xizmat ko‘rsatishni talab darajasida tashkil muhim hisoblanadi. Siz rahbarlik qilayotgan mazkur muassasada qanday bu kabi ishlar amalga oshirildi?

–Albatta, dam oluvchilarga ma’qul bo‘ladigan imkoniyatlarni yaratish bizning bosh maqsadimiz. Biz bu yerga keluvchilarning xordiq olishini ta’minlash barobarida maskan sharoitini yaxshilash uchun ularning takliflarini o‘rganamiz. Ularning fikri asosida qulayliklar yaratamiz.

  Amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2019 yilda dam oluvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida yangi avtoturargoh qurildi. Sanatoriya asosiy binosining old va orqa tomonidagi peshayvon (kozerok) qismi tunukafon bilan qoplandi. Uchinchi qavat yotoqxonalari va santexnikalari hozirgi zamon talabida ta’mirlandi va qayta jihozlandi.

 Yana bir qulaylik shuki,  dam oluvchilarni sayohatga olib borish va ishchi-xodimlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan yangi «ISUZU» avtobusi sotib olindi.

 Sanatoriya hududida manzarali va mevali daraxtlar, gullar ekib, so‘lim go‘shaga aylantirish esa jamoamizning sevimli ishi hisoblanadi. Bu yerda turli-tuman daraxtlarning yashnab turishi va ochilgan qiyg‘os gullar tarovati va go‘zal go‘shamizning yashil tabiati dam oluvchilar e’tiborida ekani bizni juda quvontiradi.

 –Pandemiya sharoitida dam oluvchilarni qabul qilish qay tartibda amalga oshirilmoqda?

 –Pandemiya paytida dam oluvchilarni qabul qilish tegishli talablar asosida qabul qilinadi. Masalan, dam oluvchi koronavirusga qarshi emlangan bo‘lsa hamki, test topshirishi va test natijasi 72 soatdan oshmagan muddatda bo‘lishi shart. Sanatoriyada karantin talablariga qat’iy amal qilingani dam oluvchilarning xotirjam xordiq chiqarishini ta’minlamoqda.

 Shuningdek, sanatoriya imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida doimiy izlanishdamiz. Shundan kelib chiqib, bugungi kunda respublikamiz viloyatlaridagi tashkilotlar xodimlari  va xorijliklarning sanatoriyada dam olishini jalb qilish maqsadida tegishli muassasalar bilan bir qator shartnomalarni imzolashga muvaffaq bo‘ldik. Bunday chora-tadbirlar esa sanatoriyaning moddiy imkoniyatini kengaytirishda qo‘l keladi.

    Muxtasar aytganda, bu kabi sa’y-xarakatlardan maqsad faol mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan barcha ishchi-xodimlarga ta’tilni mazmunli o‘tkazish va salomatligini tiklashda  “Nurafshon” sanatoriyasi ishonchli va orzudagi maskanga aylanishini ta’minlashdir.

   O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA

suhbatlashdi