Toshkent viloyatining bosh archasi atrofida tantanalar boshlandi. E’tiborlisi, katta archa 28 mingdan ziyod zumrad o‘yinchoqlar bilan bezatilgan. Maydonga esa yana qo‘shimcha 22 dona kichik archa va 200 ga yaqin bezakli elementlar ham o‘rnatilgan.
“Nurafshon Business City” hududida qad rostlagan bosh archaning ochilish marosimida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi sektor rahbarlari ishtirok etdi. Tadbir doirasida aholi, ayniqsa, yoshlarga bayram kayfiyatini ulashish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan 300 nafar Qorbobo va Qorqiz shaharning markaziy ko‘chalari bo‘ylab yurib bayram tantanalariga fayz bag‘ishladi.
[gallery-21049]
– Yo‘l-yo‘lakay ular ota-onalar hamda yoshlarga Yangi yilning ilk shukuhini hadya etib, kitoblar ham sovg‘a qildi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Nodir Hojiyev. – Shuningdek, ular bayram kunlari viloyatning chekka qishloqlarida, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oila farzandlarini ham yo‘qlab boradi. Bayram kayfiyati barcha hududlarda ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda.
Tadbirda turli ko‘ngilochar o‘yinlar, ertak qahramonlarining chiqishlari barchaga o‘zgacha shukuh baxsh etdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, viloyatda bayram sayllari joriy yilning 25 dekabrdan 5 yanvarigacha ertalab soat 10:00 dan oqshom soat 22:00 ga qadar davom etadi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida Nurafshon shahri markazidan bosh archa (Amfiteatr)gacha bepul transport qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XALxNiVYrFU" title="“Nurafshon Business City”da Yangi yil shukuhi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, A. Alijonov (surat, video), O‘zA