Poytaxt maslihati deputatlari Nur-Sultan shahrini Astanaga qayta nomlashni qo‘llab-quvvatladi, deb yozmoqda “Kazinform” xalqaro axborot agentligi.
Qaror poytaxtni qayta nomlash masalasi bo‘yicha navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan sessiyada qabul qilingan. Unda 31 deputatdan 25 tasi ishtirok etgan. Qaror ko‘rib chiqilishi uchun endi hukumat huzuridagi Respublika onomastika komissiyasiga yuboriladi.
«Jahon tajribasida poytaxt, davlat nomlarini avvalgi nomiga qaytarish bilan bog‘liq hodisalar mavjud. Biz Yangi Qozog‘istonga qadam qo‘yayotgan bir paytda, poytaxtning yangi nomi ramziy ma’noga ega bo‘ladi. Mahalliy aholi vakili sifatida men shaharga Astana nomini qaytarishni qo‘llab-quvvatlayman – uni nafaqat Qozog‘istonda, balki butun dunyoda bilishadi. Bu hamma biladigan brend», – dedi «Ak jol» partiyasi deputati Askar Smagulov.
Avvalroq shahar maslihati kotibi Yerlan Kanalimov poytaxtni qayta nomlash tartibini tushuntirib, bu jarayon bir necha bosqichdan iborat bo‘lishini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, jamoatchilikni eshitish va masalani maslihatning navbatdan tashqari sessiyasiga kiritish ushbu bosqichlardan biri hisoblanadi.
«Majlisimizdan keyin, ma’qullash yoki rad etish qarorini qabul qilish uchun Respublika onomastika komissiyasida majlis bo‘lib o‘tadi. Shundan keyin hujjat Hukumatga jo‘natiladi. Hukumat farmon loyihasini tayyorlab Prezidentga imzolash uchun kiritadi. Rasman farmon chiqqandan keyin, ya’ni farmon imzolansa, o‘shanda poytaxtni to‘laqonli qayta nomlash haqida gapirsak bo‘ladi», – dedi Yerlan Kanalimov.