O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adib Nur Ahmadning o‘zbek, rus, ingliz tillarida chop etilgan “Xorazm nemislari” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, atoqli shoir G‘ayrat Majid tinchlik, hamjihatlik, barqarorlikni asrab-avaylash masalasi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan yangilanish jarayonlarida ustuvor o‘rin egallashi, taqdimoti o‘tkazilayotgan kitob ham aslida diyorimizda turli millat va elat vakillari ahillikda istiqomat etib kelayotgani haqida hikoya qilishini ta’kidladi.
- Har bir kitob katta mehnat va zahmatlar evaziga yaratiladi, - dedi G‘ayrat Majid. – Bu kitob ham muallif Nur Ahmadning juda uzoq yillar davomida arxivlarda tadqiqotlar olib borishi, tarixiy materiallarni puxta va har tomonlama sinchkovlik bilan o‘rganishi natijasida yuzaga kelgan. E’tiborga molik jihati, bu asar aslida o‘zbek xalqining mehridaryoligi, bag‘rikengligi, kengfe’lligi haqida hikoya qilishi bilan diqqatga sazovor.
– Kitobni o‘qir ekansiz, “millat”, “yurt”, “o‘zbek”, “Vatan”, degan tushunchalar qalqib chiqadi, - dedi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori, taniqli adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev. – Bu tushunchalar Nur Ahmaddek zahmatkash ziyolilarimiz borligidan faxrlanish tuyg‘usini qalban his etishga undaydi. Taniqli nemis fotografi Vilgelm Pennerni Xorazmda “Fonarchi ota” deb atashardi. Xonadonlari bir-biri bilan o‘zaro yaxshi munosabatda bo‘lgani sababli birinchi o‘zbek fotosan’ati va hujjatli kino ustasi bo‘lgan Xudoybergan Devonov bolaligida “Fonarchi ota”dan tasvirga olish sirlarini o‘rgangan edi. Buni taqdir taqozosi bilan diyorimizga kelib qolgan nemislarning o‘zbek xalqiga o‘ziga xos minnatdorligi, deb ham anglash mumkin.
Taqdimotda e’tirof etilganidek, Nur Ahmadning “Xorazm nemislari” hujjatli-badiiy qissasida goh uzoq, goh yaqin o‘tmish, ba’zan Yevropa, ba’zan Osiyo tarixi, hatto tushlar, inson xayolotidagi o‘ylar ham aralash-uyqash keladi. Bir guruh olmon oilalarining taqdiri asnosida sivilizatsiyalar va madaniyatlar taqdiri, diniy qadriyatlar qismati va shularning barini o‘zida mujassam etgan va katta harflar bilan yozilsa arzigulik inson qismati asar markaziga qo‘yilgan.
Adabiyotshunoslarning fikricha, muallif mavzuga nihoyatda noziklik, yuksak hurmat va madaniyat bilan yondashadi. Yetti iqlim olislikdagi notanish o‘lkalardan halovat izlab kelgan yuzlab insonlarning bu manzillarga o‘rnashishi, umrguzaronlik qilishi, kutilmagan fojealar kitobxon qalbini larzaga soladi.
[gallery-27784]
Muallif o‘z qahramonlarining diniy e’tiqodi “kengliklari” xususida ko‘p ham so‘z ochmay to‘g‘ri yo‘l tutgan, zero, olislardan Xorazm vohasi tomon karvon tortgan musofirlar hayoti, yashash tarzi, kasb-kori, xususan, mahalliy aholi, muhit va shart-sharoit bilan uyg‘unlashib ketish voqeliklari asarning tub o‘zagini tashkil etadi. Asarning markaziy mehvari hamyurtlarimizning qalbi daryoligida, yuksak insonparvarlik tuyg‘usi tegrasida mujassam.
Xorazmda yashagan nemislarning oilalari, ayrim shaxslarning ism-shariflari mumkin qadar to‘liq keltirilgani asarning hujjatli qatlami qadrini oshirgan. Aynisa, hozirgi vaqtga kelib, keyingi avlod vakillari o‘rtasidagi do‘stona muloqotlarning saqlanib qolinganiga doir lavhalar katta qiziqish bilan o‘qiladi.
Taqdimot tadbirida “Xorazm nemislari” nomli kitobning o‘ziga xos badiiy-tarixiy ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA muxbirlari