Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nuqtai nazar
12:44 / 2020-07-07

Chekka hududlardagi kadrlar yetishmovchiligini qanday hal etish mumkin?


Chekka hududlardagi kadrlar yetishmovchiligini qanday hal etish mumkin?

Saylovchilarimizda bu savolga javob boʻladigan takliflar bor.

Soʻnggi kunlarda oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayoni asosiy mavzulardan biriga aylandi. Qanday qilib onlayn hujjat topshirish kerak? 5 ta yoʻnalish qay tartibda tanlanadi? Oʻqishning sirtqi, kechki turini tanlashda nimaga eʼtibor beriladi? Test savollari qay darajada soddalashtirildi? Shu kabi savollar muhokamalar markazida boʻlib turibdi.

Eslasak, toʻrt-besh yil oldin abituriyentlar va ularning ota-onalari bu savollarning yaqiniga ham yoʻlashmas, x-variantni qayerdan topish mumkin, kimni “tanka” qilsa boʻladi, qaysi taʼlim muassasasiga kiritishga puli yetadi, qayerda koʻproq bolaning puliga emas, bilimiga qaraladi kabi mavzular trendga chiqar edi. Muhokama qilinayotgan mavzular oʻrtasidagi farq ushbu sohada qilingan oʻzgarishlarning keng qamrovliligi va natijadorligini namoyon etmoqda.

Oʻzgarishlar haqida gapirganda, qabul kvotalari sonining oshirilayotganini alohida eʼtirof etish lozim. Misol uchun, oliy taʼlim muassasalari 2016-yilda 57 907 nafar talabani qabul qilgan boʻlsa, joriy yilda 139 950 nafar yoshlar talabalikka qabul qilinadi. Koʻrib turganimizdek, oʻtgan besh yil ichida kvotalar soni 2,5 baravarga oshirildi.

Endi oʻz-oʻzidan bir nechta savol tugʻiladi: Bu koʻrsatkich iqtisodiyot tarmoqlari hamda hududlar uchun yetarli miqdormi? Qabul kvotalarini oshirish orqali chekka hududlardagi mutaxassislarga boʻlgan talabni qanchalik qondira olamiz? Bir nechta vazirliklar oʻrtasida hamkorlikda shakllantiriladigan sohalardagi kadrlarga talab boʻyicha tuziladigan kvotalar soni bugun qanchalik oʻzini oqlamoqda? Keling, ushbu savollarga bir tumanning ikki qishlogʻi misolida javob izlashga harakat qilamiz.

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanining eng yirik aholi manzilgohlari sanalgan Pomuq va Chandir qishloqlarida qariyb 40 ming kishi istiqomat qiladi. Mazkur hududda Pomuq shifoxonasi hamda Chandir qishloq uchastka shifoxonasi, 10 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Ammo oliy maʼlumotli mutaxassislar taqchilligi natijasida ushbu tibbiyot muassasalari va bilim maskanlarida ishlovchilarning asosiy qismini oʻrta maxsus maʼlumotli mutaxassislar va olis masofalardan vaqtincha qatnab ishlaydigan kadrlar tashkil etadi.

Tibbiyot sohasida yuqorida nomlari keltirilgan ikkita muassasada shtat birligi boʻyicha 43 nafar oliy maʼlumotli shifokor ishlashi talab etiladi. Ayni vaqtda esa ularda 19 nafar mutaxassis faoliyat koʻrsatmoqda. Shulardan 8 nafari nafaqadagi shifokor boʻlsa, 6 nafari turli manzillardan qatnab ishlamoqda.

Mavjud 10 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabida, ayniqsa, boshlangʻich taʼlim, ona tili va adabiyoti, rus tili, chet tili, fizika, kimyo, biologiya, psixologiya, matematika, informatika, tarix fani oʻqituvchilariga ehtiyoj katta. Shu bois barcha maktablarda malakali mutaxassislar yetishmasligi natijasida vakansiya soatlari saqlanib qolyapti. Asosiy darslarni boshqa hududlardan qatnab ishlovchi kadrlarga oʻrindoshlik asosida berishga toʻgʻri kelyapti. Birgina Pomuq qishlogʻidagi 22-maktabga 10 nafar, 23-maktabga 4 nafar, 24-maktabga 17 nafar, 25-maktabga 8 nafar, 37-maktabga 11 nafar, jami 50 nafar oʻqituvchi olis masofalardan qatnab ishlasa, faoliyat koʻrsatayotgan pedagoglarning 36 nafarini nafaqadagilar tashkil etadi.

Mazkur holat tufayli Pomuq va Chandir qishloqlari aholisi sifatli taʼlim, qolaversa, malakali tibbiy xizmatdan foydalana olmayapti. Afsuski, bu kabi raqamlar hamda vaziyat faqatgina shu hududgagina tegishli, deya olmaymiz. Mamlakatimizning istalgan chekka hududi aholisini shu muammo qiynab kelmoqda.

Buning uzoq davom etishiga yana bir sabab bor. Yaʼni sifatli taʼlim ololmagan chekka hudud yoshlari oliy taʼlimga kirish jarayonida sifatliroq taʼlim olgan markazlarda yashovchi abituriyentlarga raqobatda yutqazmoqda va oʻrta-maxsus maʼlumotli mutaxassis boʻlib qolmoqda. Bularni ortda qoldirib, talabaga aylangan markazda yoki oʻqituvchilar vakansiyasi yoʻq hududda oʻqigan talabalar chekka qishloqlarga kelib ishlashni umuman xohlashmaydi. Natijada, kvotani har qancha koʻpaytirgan bilan chekka hududlardagi oliy maʼlumotlilarga boʻlgan talabni yaqin orada qondira olmaymiz. Kimyo fanini ham fizika oʻqituvchisi oʻtuvchi maktab oʻquvchilari esa oʻzlaridan sifatliroq taʼlim olgan sheriklariga yutqazaveradi.

Toʻgʻri, yaqinda davlat granti asosida oʻqiyotgan bitiruvchilarni chekka hududda uch yil ishlab berish sharti bilan joʻnatish taklifi koʻtarildi. Fikrimcha, bu yoʻl bilan hozir muammoni bartaraf eta olmaymiz. Chunki ushbu tizimning joriy qilinishi taʼlim muassasalarida taqsimot jarayonlarida korrupsion holatlarni (kimnidir roʻyxatdan tushirib qoldirish, kimnidir yaqinroq hududlarga joʻnatish) keltirib chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, yuqorida asosiy ehtiyoj taʼlim va tibbiyot muassasalaridagi vakansiyalar haqida soʻz yuritilmoqda. Maʼlumki, bu yoʻnalishdagi oliy taʼlim muassasalarining aksariyat bitiruvchilari qizlar hisoblanadi. Aksariyat ota-onalar qizini respublikamizning chekka hududiga joʻnatishga rozilik berishi esa juda qiyin masala.

Amaliyotdan kelib chiqib aytadigan boʻlsak Pomuq va Chandir hududida tibbiyot, pedagogika yoʻnalishidagi kadrlar ehtiyojini chekkadan qatnab ishlaydigan mutaxassislar hisobiga qoplash tajribasi oʻzini oqlamayapti. Mavjud qiyinchiliklarni roʻkach qilib, bir yoki ikki yil ishlagan mutaxassis oʻziga qulay hududlarga ketib qolyapti. Demak, qabul kvotalarini koʻpaytirish yoki bitiruvchilarni chekka hududlarga joʻnatish muammoga yechim boʻlolmaydi.

Pomuq, Chandir qishloqlari kabi chekka hududlardagi kadrlar yetishmovchiligini qanday hal etish mumkin? Aholi bilan uchrashuvlar jarayonida saylovchilarimizning oʻzlari bunga javobini ham aytishdi. Yaʼni hududning vatanparvar, oʻz qishlogʻi uchun xizmat qilishni istaydigan, maktablarda va shifoxonalarda koʻp yillardan buyon ishlab kelayotgan oʻrta maxsus maʼlumotli kadrlar va maktablarning bitiruvchilariga tegishli vazirliklar tomonidan maqsadli kvota ajratilsa, olam guliston. Shunda ularning xohlovchilari kunduzgi, xohlovchilari ishdan ajralmagan holda kechki, sirtqi shaklda oʻqib oʻz qishlogʻi uchun malakali kadrga aylanar edi. Toʻgʻri, hozir ham maqsadli qabul uchun kvotalar ajratilmoqda. Ammo buni yetarli yoki mavjud ehtiyojni toʻliq qondiradi, deb ayta olmaymiz. Misol uchun, Mirishkor tumani uchun joriy yilda sogʻliqni saqlash yoʻnalishida 9 ta, pedagogika sohasida 23 ta maqsadli kvota ajratilgan. Pomuq va Chandir qishlogʻi kabi 10 dan ortiq qishlogʻi bor boʻlgan tumanga ajratilgan kvota bitta qishloqning ham ehtiyojini qondira olmaydi.

Bu yerda masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Yaʼni iqtidori boʻla turib, taʼlim sifati pastligi uchun yetarli bilim ololmagan chekka hududlar aholisiga mutasaddi tashkilotlar bepul tayyorlov kurslarini ochishi lozim boʻladi. Bu bir tomondan yoshlarning boʻsh vaqtini ilm olishga sarflashiga olib kelsa, ikkinchi tomondan oliy taʼlim muassasasi uchun yetarli bazaga ega boʻladi. Oʻsha hududlarning oʻzida tashkil etiluvchi bu kurslarning yana bir afzalligi moliyaviy imkoniyati yoki boshqa sabab bilan markazdagi repetitorlarga qatnay olmayotgan yoshlar uchun ham imkoniyat yaratilgan boʻladi.

Albatta, yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar bir yoki ikki yilda bartaraf etilishini soʻrash ham nooʻrin. Ammo, tegishli mutasaddilar qabul kvotalarini bunchaga oshirdik, bu yil shuncha bitiruvchiga diplom berildi kabi raqamlarga mahliyo boʻlavermasdan, chekka-chekka hududlarni ham oliy maʼlumotli mutaxassislar bilan taʼminlash choralarini koʻrishi lozim. Zero, Oʻzbekistonning har bir fuqarosi qayerda yashashidan qatʼi nazar, sifatli taʼlim va tibbiy xizmat olish huquqiga ega.

Maqsadli qabul kvotalarini koʻpaytirish orqali biz shunchaki bitiruvchilarni emas, malakali kadrlar xizmatiga muhtoj boʻlib turgan millionlab aholimiz ehtiyojlarini qondiramiz va natijada ularning oʻz hayotidan, bugunidan rozi boʻlib yashashiga hissa qoʻshamiz.

Mahfirat XUSHVAQTOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi