Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nuqsonli tovarni qanday almashtirsa bo‘ladi?
14:27 / 2025-04-14

Huquqiy munosabat

Ma’lumki, qonunchiligimizda iste’molchi huquqlarini himoya qilish borasida ham ko‘plab normalar belgilangan. Bunda ular uchun sotib olingan tovar nuqsonli bo‘lsa, uni boshqasiga almashtirish va yoki qaytarib berish imkoniyati bor.

Xo‘sh, bunga qanday hollarda ruxsat etiladi? 

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Aygerim Aripbayeva bu borada quyidagi huquqiy tushunchalarni berdi:  

–"Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 14-moddasida nuqsonli tovarni almashtirib berish tartibi belgilangan. Ushbu moddaga muvofiq, tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart.

Ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar bo‘lmagan taqdirda, iste’molchining almashtirib berish xususidagi talabi da’vo qilingan paytdan e’tiboran bir oy ichida qondirilishi kerak.  

Cho‘l va olis joylarda, tovarlar vaqti-vaqti bilan olib boriladigan joylarda iste’molchining bunday talabi ushbu joylarga navbatdagi tovar yetkazib berish uchun ketadigan muddat ichida, lekin ikki oydan kechiktirmay qondirilishi lozim.

Iste’molchining roziligi bilan sotuvchi nuqsonli tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib berib, xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilishi shart.

Xulosa qilib aytganda, nuqsonli tovarni almashtirish bo‘yicha asosli murojaat qilinganda, sotuvchi uni muqobil tovarga, belgilangan vaqt mobaynida almashtirib berishi shart.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA