Nukus shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika kengashi tashabbusi bilan “Bizning safimizda bo‘l!” shiori ostida yoshlar forumi o‘tkazildi.
Forumni O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov kirish so‘zi bilan ochdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining asosiy maqsadi davlat hokimiyatining vakillik organlarida davlat va jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Davlatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning hayotda o‘z o‘rnini egallashiga ko‘maklashish bo‘yicha bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari, Konstitutsiyamiz hamda davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari asosida yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar, yaratilayotgan sharoitlar alohida ta’kidlandi. Konstitutsiyamizda davlatimiz yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratilishi belgilangan.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashaydigan hamda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarini tamomlagan yoshlar uchun davlat granti asosida qo‘shimcha 3 ming kvota, shuningdek, to‘lov-shartnoma asosida qo‘shimcha 6 ming 500 kvota ajratildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun mikrokreditlar va subsidiyalar ajratish kabi imkoniyatlardan yoshlar unumli foydalanib kelmoqda.
Yoshlar forumi doirasida yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini va sport musobaqalari tashkil etildi. Shuningdek, partiya safiga yangidan qabul qilingan yoshlarga partiya guvohnomalari va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
Ishtirokchilarga Nukus madaniyat bo‘limi san’atkorlari va Nukus ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabining iqtidorli yoshlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA