Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nukusda yaralangan harbiy: mahalliy aholi meni qutqarib qoldi (+video)
20:22 / 2022-07-07

1 va 2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir etilgan tartibsizliklarda jarohatlangan va ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida davolanayotgan harbiy.

– O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitaliga 3-4 iyul kunlari Nukus shahridan turli tan jarohati olgan 20 dan ziyod harbiy xizmatchilar olib kelindi, – deydi travmatologiya bo‘limi katta ordinatori, tibbiyot xizmati podpolkovnigi Nodirjon Xoldorov. – Bu yerda ularga kerakli jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi va muolajalarni olishyapti. Hozirda ahvollari yaxshi holatda. Xudo xohlasa, ularni davolab, sog‘lom qilib safga qaytaramiz. O‘ylaymanki, yigitlarimiz tez kunlarda bemalol o‘z xizmatlarini davom ettiradilar.

Serjant Muzaffar Eshchanov Mudofaa vazirligi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi Xorazm viloyati Urganch shahridagi harbiy qismda xizmat qiladi.

– Nukus harbiy garnizoniga u yerda bo‘layotgan ommaviy tartibbuzarlikning oldini olish uchun bordik. U yerga borgach, qo‘mondonimizga borganimiz haqida bildiruv berib, blok-postlarga tarqaldik va o‘z xizmat majburiyatlarimizni bajarishga kirishdik. Bizlarga topshirilgan vazifa ommaviy tartibbuzarlikning oldini olish va namoyishchilarni tarqatishdan iborat edi, – deydi Muzaffar Eshchanov. – 2 iyul kuni soat 17.00 larda harbiy qismga qaytish to‘g‘risida buyruq keldi. Shaxsiy tarkib bilan bizga biriktirilgan zirhli texnikaga chiqib, harbiy qism tomon harakatlanayotgan paytimizda oldimizdan 300-400 kishidan iborat namoyishchilar chiqdi. Ularga zarar yetkazmaslik uchun texnikani to‘xtatdik. Bu voqea to‘g‘risida aloqa vositasi orqali boshliqlarga xabar yubordik. Tartibbuzarlar bizga qarshi har xil temir bo‘laklari, toshlar, shisha ichiga benzin, solyarka to‘ldirilgan narsalarni ota boshladi. Keyin biz boshliqlarimizdan ogohlantiruvchi o‘q uzishga ruxsat so‘radik va tepaga qarata o‘q uzdik. Lekin namoyishchilar shunga qaramay, har xil narsalarni otib, tepaga chiqib zirhli texnika lyukini buzib ochdilar. Keyin bizlarni chiqara boshlashdi. Shu paytda men lyukni qo‘lim bilan tortib o‘tirgan edim. Lyukni ochishi bilan boshimga temir bo‘lagi bilan urishdi. Boshimdan jarohat oldim.

Ular har birimizni alohida har xil joyga olib borib urdilar. Ular orasida 3-4 ta boshliqlari bor edi. Chunki tartibbuzarlar ularning buyrug‘i bilan aytganini qilayapti. Ular ichib olib, boshliqlarining buyrug‘i asosida harakat qilishayotgani ko‘rinib turardi. Bizni zirhli texnikadan chiqarib o‘rtaga o‘tqazib qo‘yib: “bizni tinch qo‘yinglar, Qoraqalpog‘istondan chiqib ketinglar”, deb talab qilishdi.

Harbiy qismdan kelgan qutqaruvchi guruh bizlarni qutqarib oldi. Bizni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug gospitaliga olib borib, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatishdi. Keyin Toshkent harbiy gospitaliga yuborishdi.

Zirhli harbiy texnikada to‘xtamasdan yurib ketsak bo‘lardi, lekin aholiga zarar yetkazmaslik uchun unday qilmadik. Vaholanki, bu texnika butun boshli binoni buzib o‘ta oladi. Bundan tashqari, bizga aholiga zarar yetkazmaslik haqida buyruq berilgan edi.

Men qariyb o‘n yil Nukus harbiy garnizonida ishladim, lekin shu paytgacha hech qanday nizo, g‘arazgo‘y ishlar bo‘lganini bilmayman. Qanday qilib shuncha yil ahil, inoq, do‘st bo‘lib yashab kelayotgan aka-ukalarimiz shunday g‘arazli ishlarga qo‘l urganiga juda hayron bo‘ldik.

Namoyish qatnashchilari asosan 18-28 yoshlar orasidagi yosh yigitlardan iborat edi. Boshliqlari esa yoshi ancha kattaroq kishilar edi. Ularning qurollari yo‘q edi, faqat qo‘llariga nima tushsa (tosh, temir, yog‘och...) shuni ko‘tarib olishgan. Hammalari spirtli ichimlik ichib olgani sezilib turardi. Men hatto sheriklarimniyam ko‘ra olmadim, chunki bir o‘zimni 10-15 kishi o‘rab olib kaltaklashdi. Harbiy texnikamiz esa joyida qoldi va harbiy yordamchilar tomonidan harbiy qismga olib ketildi.

Bu voqealardan shu narsa ko‘rinib turibdiki, namoyishga oldindan tajribali kimsalar tomonidan tayyorgarlik ko‘rilgan.

Kichik serjant Narimonjon Abdurashidov Mudofaa vazirligi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Nukus shahridagi 21-blok harbiy qismida sessiya komandiri, televoditel lavozimida xizmat qiladi.

– 2 iyul kuni soat 12 larda blok-postlardagi xizmat chilarga tushlik ovqat olib borayotgan edim, – deydi Narimonjon Abdurashidov. – Harbiy qismdan KAMAZ rusumli davlat avtotransportida katta yo‘lga chiqdim. Tushlikni 2-blok-postga olib borishim kerak edi. Yo‘lda ketayotsam, o‘ng tomondan 6 ta mashina kelayotgan ekan. Ulardan 4 tasi o‘tib ketdi, 2 tasi orqamda, 200 metr narida qoldi. Men harakatlanishda davom etdim. Bir kilometr yurganimdan keyin orqamdan yetib kelib, ikki tarafimdan qisishdi. Haqoratli so‘zlar bilan nafsoniyatimga tegishdi. Men esa ularga bo‘ysunmay mashinani to‘xtatmadim. 100-200 metrlar yurganimdan keyin oldimga 2 ta mashina keldi. Men to‘xtamasdan mashinani chapga bursam, u yerda sariq rangli "Matiz" rusumli davlat mashinasi (taksi) va mashina oynasidan yosh bola kallasini chiqarib turgan ekan. Ularga zarar va jarohat yetkazmaslik uchun mashinani pastga haydadim. Kabina ichida qolib ketdim. Haligi mashinadagi odamlar meni "KAMAZ"dan tortib tushirib, 2-3 marta tepishdi, urishdi. Mashina kabinasini rosa titkilashdi, lekin hech narsa topa olishmadi. Ular meni kaltaklayotganda "KAMAZ"im jarlikka qulayotgan, buni tinch aholi ko‘rib turgan ekan. Ular yugurib yordamga kelayotganda meni kaltaklayotgan shaxslar qochib ketdi. Mahalliy aholi katta yo‘lga chiqib, harbiy qismimizdan odam chaqirtirishdi. Meni shu yerdagi harbiy gospitalga olib borishdi. Oyog‘im ishlamay qoldi va umurtqam singan ekan. Shunday ahvolda qolganimda menga tinch aholi yordam ko‘rsatib, o‘zimiznikilarni chaqirib berdi. Ularga katta rahmat aytaman. Hozir ahvolim ancha yaxshi.

Men 2017 yildan beri Nukusda xizmat qilaman. Yaqinda uylanganman. Shu paytgacha mahalliy aholi bilan hech qanday ziddiyat bo‘lmagan. Qo‘shnilar ayolimdan xabar olib, yordam berib turishadi, Ahil, inoq bo‘lib, bayramlarda bir-birimiznikiga bordi-keldi qilib yashardik.

Ko‘rinib turibdiki, oddiy tinch aholining qo‘lidan bunday ishlar kelmaydi. Ularni yetakchilar boshqargan va oldindan tayyorgarlik ko‘rishgan.

– Qoraqalpog‘iston voqealarining ikkinchi kuni Nukusga keldik, – dedi Milliy gvardiya xodimi, kapitan Abbos Namozov. – Ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish uchun voqea joyiga bordik. Ballonlarni yoqib, yo‘llarni yopib qo‘yishgan ekan. Odamlar bizni ko‘rib tarqab ketdi, ketgani ketdi, qochmaganlari so‘kinib, toshlar otib, kurakda turmaydigan so‘zlar bilan bizni haqorat qilishdi. “Ket bu yerdan, kelgindilar, umuman aralashmalaring, deb sha’nimizga tegadigan so‘zlar bilan haqoratlashdi.

Keyin katta yo‘lgacha bordik, u yerda 500 ga yaqin odam bor edi. Bizni ko‘rib hammalari yo‘lni bo‘shatdi. Bizlar ballon yoqilgan joyga borib, yo‘lni ochmoqchi bo‘ldik. Lekin ular bizga tosh otib qo‘yishmadi. Keyin orqaga, o‘zimizning blok-postga bordik. U yerda o‘zimiznikilar, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar, Milliy gvardiya xodimlari (10-15 ta) turgan edi. O‘sha yerda turganimizda odamlar yana ballonlarni olib kelib yoqa boshlashdi, yo‘llarni yopishdi. Ularni tarqatmoqchi bo‘lib borgan edik, ikki tarafdan chiqib, nafratomuz so‘zlar aytib, so‘kinib, toshlar otib, “ketinglar, sizlar aralashmanglar” deb baqir-chaqir qilishdi. Kamchilik bo‘lsak-da, qo‘limizdan kelganicha ularni qaytardik.

Keyin biz blok-postdan chiqishga majbur bo‘ldik. Chunki qishloq tomondan yana 2 mingga yaqin namoyishchi kelyapti, deb eshitdik. Texnikalar bilan shahar ichkarisiga kirayotgan edik, o‘rtada qolib ketdik. Chunki bir yarim-ikki mingga yaqin odam o‘rab oldi bizni.

Ketadigan yo‘limizda ikki tomondan qisib kelgan va bir tomonga chiqib ketadigan yo‘l bor edi. Shu yo‘lni tosh va g‘ishtlar bilan to‘sib qo‘yishgan ekan. Shu yo‘ldan o‘tganlar o‘tib ketdi, men nimagadir qoqildimmi, yiqilib tushdim. Endi o‘zimga kelaman degandim, birdaniga tortib ketib urishdi.

Oldin yechintirib olishdi, keyin tosh bilan ham, tayoq bilan ham ura boshlashdi. Katta tosh bilan boshimga urgan vaqtida bir o‘zimdan ketib, bir o‘zimga kelsam, haliyam urib yotgan ekan.

Hammalari spirtli ichimlik ichib olgan edi. Buni hididan va o‘zlarini tutishidan bildim.

Biz qurolsiz edik. O‘zimizni himoya qiladigan oddiy qalqon va dubinka bilan qurollangan edik. Boshimizda kaska bor edi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/9ZFoMQLcFEg" title="Nukusda yaralangan harbiy:Mahalliy aholi meni qutqarib qoldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Hamma yog‘im qonga belangan edi. Bir kishi ustimga yotib olib (qoraqalpoqcha: meni tushunganim, bo‘ldi bu ta’zirini olib bo‘ldi, qo‘yib yuborsak bo‘ladi) dedi. U meni olomon ichidan chiqaryapti, lekin odamlar meni yana qaytarib kelib, ustimga yotib olib (qoraqalpoqcha: meni tushunganim, bo‘ldi bu ta’zirini olib bo‘ldi, qo‘yib yuborsak bo‘ladi) dedi. U meni olomon ichidan chiqaryapti, lekin odamlar meni yana qaytarib kelib, urishni davom ettirishyapti. Milliy gvardiya xodimlari, yigitlar meni qutqarib, tibbiy yordam ko‘rsatishga olib borishdi.

Hozir ahvolim ancha yaxshi.

– 1 iyul kuni Nukus shahriga keldik. Ikkinchi kuni soat 15.00 larda Nukus shahrida tartibbuzarlarni tarqatish uchun bordik, – dedi shaxsini sir saqlashni iltimos qilgan harbiy xizmatchi. Borib ularni ancha qaytardik, tarqatdik. Ular nima qilayotganliklarini o‘zlari bilmayapti, tushunmayapti. Ularni yetakchilar boshqarayotgan edi. Yetakchilari tibbiy niqob, ko‘zoynak taqib olgan, kapishonkali kiyim kiyib olgan. Ular oddiy xalqni boshqaryapti.

Birinchi marta ularni tarqatdik, keyin ular bizda qurol yo‘qligi va ularni otmasligimizni bilib yana kelaverishdi. Buni ularga yetakchilar tushuntirgan, qurolimiz, otishga o‘qimiz yo‘qligini. Bizda faqat oddiy dubinka bor edi. Keyin ular haqiqatdan biz otmayotganligimizni ko‘rib ko‘payib ketishdi, oldimizga kelaverishdi. Ko‘prikka yaqinlashib qolgan edik. Bir tarafda mingdan ortiq, ikkinchi tarafda ikki mingga yaqin namoyishchi qo‘llarida tosh bilan kelaverdi. Biz o‘rtada qoldik.

Ko‘payib ketishdi, keyin uylar oralaridan ham tartibbuzarlar chiqdi-da, shu orada ov quroli bilan son qismining orqasidan oyog‘imga otishdi.

Biz tinchlik uchun kelganmiz desak ham, “o‘zbeklar, ket” deb haydashdi. Bunchalar ko‘payib ketishini bilmagandik, shunga 80-90 kishi bilan borgandik.

Namoyishchilarning hammasi spirtli ichimlik ichib olishgan edi. Nima qilayotganini bilmasdi va tushunmasdi. Ularni boshqarayotgan kishilar o‘rta-o‘rtada turib olgan edi.

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri Milliy gvardiya qo‘riqlash bo‘limida ishlayman, – deydi Azim Jumamurotov. – Tartibbuzarliklarda qatnashayotgan kishilar bilan suhbatlashdik, ularni tarqatishga, tinchlantirishga harakat qildik. Shunda bizlarga prokuratura tomonidan hujum bo‘ldi, uni qaytardik. Bu oddiy xalqning ishi emas edi-da. Uyushtirilganligi shunday ko‘rinib turardi. Shu paytgacha hech qanday ichki ziddiyat, bunday namoyishlar, janjallar bo‘lmagan edi. Qoraqalpoq xalqi bir tanu, bir jon bo‘lib yashardi.

Namoyishchilar Milliy gvardiya xodimlariga, hammamizga tosh otishdi. Oyog‘imdan yaralandim. jarohat olganimdan keyin meni o‘zimizni yigitlar shifoxonaga olib borishdi.

Xohlaymanki, hech qachon bunday voqealar qaytarilmasin! Yurtimiz doimo tinch bo‘lsin!

Z.JONIBEKOV, N.ABDUVOITOV (video), O‘zA