Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nukusda yangi ko‘rgazma ochildi
12:40 / 2025-11-06

Jolliboy Izentayev nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida “Fransiya o‘zbek fotosuratchisi nigohida” nomli ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda fotorassom Bobur Alimxo‘jayevning Fransiyaga  qilgan sayohati davomida  turli mavzularda olgan suratlari namoyish etildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari Rasul Zarikeyev, Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Valid Fuk, fotosuratchi Bobur Alimxo‘jayevlar so‘zga chiqishib, mamlakatlarimiz o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy sohada hamkorlik va uning ahamiyatiga to‘xtalishdi.

Ta’kidlanganidek, Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi tashabbusi bilan joriy yilning 27 oktyabrdan 30 noyabr kunlari oralig‘ida Nukusda Fransiya madaniyati oyligi o‘tkazilmoqda. Ushbu oylik doirasida I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Nukus filiallarida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqa teatrida va boshqa bir qator ta’lim tashkilotlarida turli mavzularda uchrashuvlar, ko‘rgazmalar, davra suhbatlari, mahorat darslari, hujjatli filmlar haftaligi kabi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustaxkamlash va xalqlarimizning urf-odatlari va an’analarini targ‘ib qilish, shu orqali yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat, boy tariximizga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.  

Bobur Alimxo‘jayev 1993 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida badiiy foto yo‘nalishida ta’lim olgan. U Fransiya shahar va qishloqlari bo‘ylab sayohat qiladi. Orse, Oranjeri, Luvr muzeylari, jahonga mashhur rassom Pablo Pikasso, taniqli haykaltarosh Ogyust Rodenning uy-muzeylariga borib, ijodkorlarning ishlaridan ilhomlanish barobarida fotosuratlar ham oladi. Shu tariqa uch yil davomida to‘plagan suratlaridan fotoko‘rgazma qilish fikri paydo bo‘ladi. Dastlabki ko‘rgazmasi o‘tgan yili Toshkent Fotosuratlar uyida namoyish etildi.  

[gallery-26100]

– 12 yildan buyon fotosuratchilik bilan shug‘ullanib kelaman. Fransiyaga uch yil sayohatim davomida to‘plagan suratlarim qoraqalpog‘istonlik muxlislar e’tiboriga taqdim etilmoqda. Maqsadim yoshlarni Fransiyaning shaharlari, madaniyati, tabiati va tarixiy joylari bilan tanishtirish, shu orqali ularning ushbu mamlakatga mehrini oshirishdir, –  deydi Bobur Olimxo‘jayev.

Ko‘rgazma doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchilari uchun mahoart darsi o‘tkazildi.

Nukusda Fransiya madaniyati oyligi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.

Dovud Abibullayev,

Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA