Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nukusda xotin-qizlar forumi o‘tkazildi
14:49 / 2020-11-12

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida «Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda boshlang‘ich tashkilotlar tajribasi» mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda umumta’lim maktablari, akademik litsey va oliy ta’lim muassasalaridagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlarning yetakchilari, ushbu ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan iqtidorli, ijodkor qizlar qatnashdi.

Dastavval, mehmonlar universitetning «Qizlarjon» klubi, qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika fakultetining 4-bosqich talabasi D.Adilchayevaning tikish sexi faoliyati bilan tanishib, to‘garak a’zolarining qo‘l mehnati va liboslar kolleksiyasiga yuqori baho berishdi.

Forumda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari M.Axmedova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, Nukus shahar 31-umumta’lim maktabi direktori V.Qalenova, universitet rektorining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi I.Seytnazarovalar so‘zga chiqib, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va ularning faoliyatiga to‘xtalishdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur tadbirning Qoraqalpoq davlat universitetida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Chunki bu eng ko‘p qizlar o‘qiydigan va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlarning yetakchilari ishlaydigan nufuzli oliygoh hisoblanadi.

bugungi kunda barcha sohalarda o‘zgarishlar, islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlarning birinchisi xotin-qizlarning jamiyatdagi obro‘sini oshirish, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashlari uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, gender tengligini ta’minlash bo‘lsa, ikkinchisi – yoshlar masalasidir.

Tadbirda oliy ta’lim muassasalari hamda filiallarda tahsil olayotgan ijodkor, dizayner talaba qizlar o‘zlarining milliy va zamonaviy liboslar kolleksiyalarini yig‘ilganlar e’tiboriga havola etdi. Yosh iqtidor egalarining kuy va qo‘shiqlari tadbirga haqiqiy bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

– Forumni o‘tkazishdan maqsad, barcha maktablar, akademik litsey va oliy ta’lim muassasalaridagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlarining tajribasini o‘rganish va ularni ommalashtirishdan iborat, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektorining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Injioyim Seytnazarova. – Bu boradi yutuqlar bilan bir qator kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Tadbir yakunida tashkilotchilar va faol ishtirokchilarga tashakkurnoma tantanali ravishda topshirildi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA