Rivojlangan mamlakatlarda munosib ish topish va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishni istagan fuqarolar uchun Nukus shahrida “Xorijda ish” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Mazkur yarmarkaning asosiy maqsadi xorijiy mehnat bozorida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot berish, fuqarolarning firibgarlik yoki noqonuniy ishga jalb qilinishi holatlarini oldini olish, xorijda talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yo‘naltirish, tijorat banklari va Migratsiya agentligi orqali fuqarolarni kredit, sug‘urta va huquqiy maslahatlar bilan ta’minlash, ichki va tashqi mehnat bozoridagi imkoniyatlarni keng targ‘ib qilish orqali yoshlar va ishsiz fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Yarmarkada 1 ming 800 nafardan ortiq yosh, xotin-qiz, mehnat migratsiyasida bo‘lib qaytgan shaxslar hamda ish izlayotgan fuqarolar ishtirok etishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Xususiy bandlik agentliklari uyushmasi tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan mehnat yarmarkasida “Job Bridge”, “Workmall”, “Common Sense”, “NPS Personal”, “Getwork”, “The kasb”, “GlobalHR ”, “Interwork” xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolarga Germaniya, Slovakiya, Bolgariya, Latviya, Litva, Polsha, Xorvatiya, Chernogoriya, Serbiya, Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Rossiya kabi davlatlardagi 12,5 mingga yaqin ish o‘rni taklif etildi. Ushbu ish o‘rinlariga 1 ming 300 nafar fuqaro qiziqish bildirib, shundan 980 nafari ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Migratsiya agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan ishtirokchilarga mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish, xorijda ishlayotgan fuqarolar bilan doimiy aloqa o‘rnatish, ularning oila a’zolariga ko‘rsatiladigan yordamlar haqida ma’lumotlar berildi. Shahar, tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlari, mahalliy ish beruvchilar – ichki mehnat bozorida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari, mehnat qonunchiligidagi yangiliklar haqida xorijdan qaytgan fuqarolarga tushuntirish ishlarini olib bordi.
Tadbirda ishtirok etgan ishsiz xamda migratsiyadan qaytgan fuqarolar uchun 549 ta korxona va tashkilotning 2 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni taklif qilinib, 158 nafar ishsiz fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. Shundan 147 nafar fuqaro respublikadagi turli korxona va tashkilotlardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga doimiy ishga joylashtirildi. Bundan tashqari, 9 nafar fuqaroga kasb-hunar o‘rganish va malaka oshirish kurslariga yo‘llanma, kelgusida doimiy ish joylariga ishga joylashishlari hamda tartibli migratsiyaga ketishlari bo‘yicha 310 nafar ishsiz fuqaroga kerakli maslahat berildi.

Bundan tashqari, Kasbiy ko‘nikmalar markazi (monomarkaz) tomonidan xorijda talab yuqori bo‘lgan kasblar (elektrik, qurilish mutaxassislari, sartaroshlik, xizmat ko‘rsatish sohalari va boshqalar) bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv dasturlari, xorijiy til kurslari haqida targ‘ibot ishlari olib borildi. Natijada 30 nafardan ortiq fuqaro ro‘yxatga olinib, til va kasb-hunar o‘rganish uchun yo‘naltirildi.
Shuningdek yarmarkada tijorat banklari – fuqarolarga xorijda ishlash uchun kerakli mablag‘ni to‘plash, ishga chiqish jarayonida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kreditlar va xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha xizmat turlarini taqdim etdi. Natijada 55 nafar fuqaroga jismoniy shaxslar uchun yaratilgan kredit bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Tadbirda xususiy bandlik agentliklarining qonuniy faoliyati, fuqarolarning firibgarlik yoki noqonuniy ishga jalb qilinishi holatlarini oldini olish, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha, migratsiya agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining xodimlari tomonidan ishtirokchilarga axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatildi.
Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan 70 nafardan ortiq yoshga chet tillarini o‘rganish uchun o‘quv markazlari tavsiya etildi. “WORK AND TRAVEL” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talaba yoshlar uchun ssuda ajratilishi masalalarida tavsiyalar berildi.
Mazkur mehnat yarmarkasi fuqarolarning xorijiy mehnat bozori haqidagi bilim va xabardorligini oshirish, ularning qonuniy va xavfsiz ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, respublikada mehnat resurslaridan samarali foydalanish va xorijdan qaytgan fuqarolarning bandligini ta’minlashga xizmat qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali mutasaddilarining ta’kidlashicha, xorijiy kompaniyalar va xususiy bandlik agentliklari tomonidan ro‘yxatga olingan ishtirokchilarning hujjatlari o‘rganib chiqiladi va ma’qul kelganlari ishga taklif etiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri