Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nukusda xalqaro investitsiya forumi o‘tmoqda
16:54 / 2025-06-14

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Oq qush” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Jahon banki hamda Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi sharoitida aqlli qishloq xo‘jaligi (Climate Smart Agriculture in Uzbekistan)” mavzusida seminar-trening (workshop training) bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirda vazirlik tizimidagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, Jahon banki vakillari, xalqaro hamkor tashkilotlar va xorijiy ekspertlar ishtirok etmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining alohida e’tibori bilan Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish bo‘yicha alohida qabul qilingan farmon va qarorlari asosida yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtaldi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan  IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan sessiyada investorlar Qoraqalpog‘iston hududiga kelib, Orolbo‘yining ulkan salohiyati bilan tanishish va keng imkoniyatlar ko‘lamini baholashga taklif etilgan edi. Ushbu forumning uzviy davomi sifatida  tashkil etilgan tadbirda xalqaro tajribalar asosida O‘zbekistonda agrar va oziq-ovqat sohasida iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish, unga mos aqlli qishloq xo‘jaligi amaliyotini qo‘llash, Orolbo‘yi mintaqasida qulay agro-ekotizimni yaratish hamda bu boradagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

[gallery-23910]

Ta’kidlanganidek, iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Jazirama issiqlar uzoqroq va keskinroq bo‘lmoqda, asosiy daryolardagi suv oqimi kamaymoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi uchun jiddiy muammolarni tug‘dirmoqda.

O‘zbekiston hukumati iqlim o‘zgarishiga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish borasida tobora faol harakat qilmoqda. Prezident 2025 yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qildi. Bu esa “2019-2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining yashil iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi” bilan hamohangdir.  Ushbu strategiya mamlakatni barqaror rivojlantirishga, tabiiy resurslarni tejash va ekologik muammolarni hal qilishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbir doirasida mehmonlar Nukus shahridagi “Qoraqalpoq basaltwool” korxonasi, shuningdek, I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida bo‘lib, respublikaning sanoat, turizm yo‘nalishlaridagi imkoniyatlari bilan tanishdi.

Xalqaro investitsiya forumining ikkinchi kunida ishtirokchilar uchun Mo‘ynoq – Orol dengizining qurigan hududi va Orol dengizi tarixi muzeyiga tur tashkil etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA