French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nukusda “Salomatlik marafoni” davom etmoqda
11:17 / 2025-10-06

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Nukusda “Sog‘lom turmush sari!” shiori ostida boshlangan “Salomatlik marafoni” davom etmoqda.

Marafon doirasida Nukus shahrining aholi ko‘p to‘planadigan joylarida “Salomatlik maydonchalari” tashkil etilib, bu manzillarda sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib qilishga oid har xil aksiyalar tashkil etilgan. Shuningdek, fuqarolarning qon bosimi, tana vazni, bo‘yi o‘lchanib, tibbiy tushuntirishlar berilmoqda. Unda mahalliy tibbiyot xodimlari va Toshkentdan kelgan yetakchi shifokorlar aholini turli yosh toifalari bo‘yicha profilaktik ko‘rik hamda skrining tekshiruvlaridan o‘tkazyapti.

O‘z navbatida, og‘ir xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorlarda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarilyapti. Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Baxtiyor Umarov boshchiligidagi yetuk jarrohlar ham shu maqsadda Qoraqalpog‘istonga keldi. Ushbu professional jamoa ayni paytda nukuslik bemor bolalarda murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazmoqda. Ular safida xorijda o‘qib, ishlab, eng ilg‘or chet el klinikalarida malaka oshirib qaytgan yetuk neyrojarroh, markaz bo‘lim boshlig‘i Olim Akramov ham bor.

—Bir necha yil Rossiya Federatsiyasida faoliyat olib bordim. Hozir esa mamlakatimizda faoliyatimni davom ettirmoqdaman. Yurtimizdagi tibbiyot muassasalarida, shu jumladan Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasida murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yetarli, —deydi neyrojarroh Olim Akramov.

Yetti yoshli qizalog‘ining bosh miyasida xavfli o‘sma aniqlanganini, farzandi ko‘pi bilan yana 6 oy umr kechirishini eshitgan ona butunlay halovatini yo‘qotdi. Umidsizlikka tushdi. Xorijdagi klinikalardan ham najot bo‘lmadi. 
Shunda Bolalar milliy tibbiyot markazining yetuk jarrohlari butun mas’uliyatni zimmasiga olib, qizaloqqa jarrohlik amaliyotini qilishdi. Xavfli o‘smaning 80 foizi muvaffaqiyatli olib tashlandi. 

Nukusda o‘tkazilayotgan “Salomatlik marafoni” doirasida bu qizaloqda ikkinchi murakkab jarrohlik amaliyoti bajarilishi rejalashtirilgan. Shifokorlarning aytishicha, shundan so‘ng qizaloq kasallikdan to‘liq xalos bo‘ladi.

“Salomatlik marafoni” Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasi hamda Nukus shahridagi 12 ta oilaviy poliklinikada davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA