Nukus garnizonida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi boshqaruv apparati, harbiy qism komandirlari va muassasa boshliqlari hamda hamkorlikdagi kuch tuzilmalari vakillari bilan ikki tomonlama qo‘mondonlik-shtab harbiy o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Harbiy boshqaruv organlarining mansabdor shaxslarini jangovar shaylikning yuqori darajalarida vazifalarni bajarishga o‘rgatish, harbiy operatsiyalarda qo‘shinlarni boshqarish bo‘yicha ofitserlarning ko‘nikmalarini nazoratdan o‘tkazish, boshqaruv organlari ishida harakatlarning hamjihatligiga erishish kabi maqsadlarni mujassam etgan mazkur harbiy o‘yin to‘rt bosqichda tashkil etildi.
Barcha toifadagi ofitserlarning kasbiy malakasini oshirish, ularda yuqori axloqiy-ruhiy sifatlarni, jangovar ruhni yuksaltirish, operativ san’at sirlari va strategik fikrlash qobiliyatini shakllatirishga xizmat qilgan hamda 15 kun davom etgan harbiy musobaqada shartli ravishda mudofaa va hujum jangi o‘ynalib, tomonlarga belgilab berilgan hududlarda qo‘shin tarkibi bilan turli operatsiyalar amalga oshirildi.

Ikki qarama-qarshi tomonning shartli ravishda xaritalarda jang olib boriladigan qo‘mondonlik-shtab harbiy o‘yini davomida zamonaviy qurolli to‘qnashuvlar va harbiy harakatlar tahlili asosida olingan ilg‘or tajribalar, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nostandart vaziyatlar va qarama-qarshi kuchlarning ehtimoliy harakatlari qo‘llanildi.

Shartli ravishda jangovar vazifalarni olgan o‘rganuvchilarning vaziyatga to‘g‘ri baho bergan holda asoslangan qarorlarni berishi, ularning zamonaviy janglar va qurolli mojarolar ehtimoliy tavsifi, amaldagi jangovar nizomlarga mos kelishi tekshirib borildi.

Qo‘mondonlik-shtab harbiy o‘yinida qo‘shinlarning jangovar harakatlarni samarali tashkillashtirishi va har tomonlama ta’minoti bo‘yicha shtablar, qo‘shin turi, maxsus qo‘shinlar va xizmat turi boshliqlarining faoliyati, ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqilgan jangovar-xizmat hujjatlari tekshirib borildi. Texnik va frontorti ta’minoti organlari, ularga bo‘ysunuvchi qo‘shilma, harbiy qism va bo‘linmalarning harakati, qo‘shinlarning ta’minot masalalarida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan uzilishlarni bartaraf etish qobiliyati sinovdan o‘tkazildi.

Har bir bo‘linma komandirining vaziyatdan kelib chiqib qabul qilgan qarori hamda bo‘linmalarga berilgan jangovar buyruq va farmoyishlarni asoslab, ish tartiblari, ishlab chiqilgan asosiy rejalashtirish, direktiv-farmoyish va hisobot hujjatlari o‘quv rahbariyati tomonidan tahlil qilindi.

Tahlil yakunlari bo‘yicha harbiy o‘yinda ishtirok etgan boshqaruv organlari va bo‘linma komandirlarining jang olib borish san’ati, bo‘linmalarni boshqarish va yuklatilgan vazifalarni bajara olish qobiliyati, qo‘shinlarni strategik qo‘llash bo‘yicha bilimlari baholandi.
O‘zA