Nukusdagi markaziy amfiteatrda qo‘l jangining R1 yo‘nalishi bo‘yicha professional sportchilar o‘rtasida “Orolbo‘yi kubogi” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Turnirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

Shundan so‘ng turnir bellashuvlariga start berildi. Unda mamlakatimizdan tashqari Ozarbayjon, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya va Italiya davlatlaridan kelgan professional sportchilar ishtirok etdi.

Musobaqada 62 kg yengil vaznda Petro Tosso Petro (Italiya) va Abdumajid Qosimov (O‘zbekiston) bellashuvida Abdumajid Qosimov, 70 kg o‘rta vaznda Aseliya Medvedeva (Belarus) va Nilufar Polvonova (O‘zbekiston) bellashuvida Nilufar Polvonova, 73 kg o‘rta vaznda Abror Hakimov (Qirg‘iziston) va Azizxon Abdullayev (O‘zbekiston) bellashuvida Azizxon Abdullayev, 80 kg o‘rta vaznda Gunduz Nabiyev (Ozarbayjon) va Oybek Maxsetov (O‘zbekiston) o‘rtasidagi bellashuvda Gunduz Nabiyev, 97 kg vazn toifasida Shahzoda Maxsun (Turkiya) va Begzodbek Maxamatov (O‘zbekiston) o‘rtasidagi bellashuvda Begzodbek Maxamatov g‘alaba qozondi.

Xalqaro turnirning markaziy bellashuvi 97 kg og‘ir vazn toifasida Yevgeniy Bolotskix (Rossiya) va Og‘abek Jumaniyazov (O‘zbekiston) o‘rtasida o‘tdi. Unda hamyurtimiz Og‘abek Jumaniyazov raqibiga imkoniyat qoldirmadi.

Keskin kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Xalqaro turnir g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri