Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nukusda “Namunali harbiy oila” tanlovining okrug bosqichi yakunlandi
00:29 / 2021-04-19

Harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining ijtimoiy himoyasi yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar doirasida oilalarni mustahkamlash, ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash maqsadida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Namunali harbiy oila” ko‘rik-tanlovi alohida ahamiyatga egadir.

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari miqyosida “Namunali harbiy oila” tanlovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Nukus va Urganch garnizonlaridan eng namunali, deb topilgan to‘rt nafar harbiy oila tanlov shartlarida sog‘lom raqobat tamoyili asosida o‘zaro bellashib, harbiy qismlarning sharafini munosib himoya qildi.

“Mustahkam oila – jamiyat tayanchi” nomli birinchi shartda III darajali serjant Bahrom Omonovning oilasi uch o‘g‘ilni o‘stirayotgan baxtiyor ota-onalar timsolida gavdalangan bo‘lsa, katta serjant Jasur Xoldorov oilasi barchada havas uyg‘otgudek taassurot qoldirib, olqishlarga sazovar bo‘ldi.

Darhaqiqat, xalqimizning milliy qadriyatlari oilada o‘zaro hurmat va ishonch, sadoqat tuyg‘ulari bilan uyg‘undir. Tanlovning “Ota – oila ustuni” nomli sharti orqali otalar obrazi goh she’riy misralarda, goh videotasvir orqali tomoshabinlar diqqatiga havola etilib, otalik vazifasining mas’uliyati namoyish etildi. Bu shartda Xolmurodovlar oilasi “Qarisi bor uyning parisi bor” naqliga amal qilib, o‘z ota-onalariga mehru-muruvvati, hurmatu-ehtiromini namoyon etgan holda farzandlariga namuna bo‘layotganligi, ayniqsa, hay’at a’zolarining yuqori ballarini olib berdi.

“Ayol – mohir yaratuvchi” shartida oila bekalari qo‘l mehnati bilan yaratilgan hunarlarini sahnada ko‘rgazmali tarzda namoyish qildi. Nafaqat oilada, balki qo‘shnilar e’tiborida mohir oshpaz nomi bilan dovrug‘ qozongan Xilola Omonova shart davomida karvin san’atidagi mahoratini ishga solib, mevalar guldastasini birpasda yaratib berdi.

Har bir ota-ona farzandni dunyoga keltirarkan, uni xalq manfaatini o‘ylab, yurtning ertangi kuniga yaraydigan jonkuyar inson bo‘lsin deb tarbiyalab, hayot yo‘llarida o‘z o‘rnini topib ketishida muhim rol o‘ynaydi. Shu bois “Farzandim – dilbandim” sharti tanlov ishtirokchilarining naqadar mas’uliyatli ota-ona ekanini ko‘rsatib berishga yordam berdi. Sahnada sportchi, san’atkor, tafakkuri yuksak bo‘lgan bolajonlar o‘z iqtidorlarini ko‘rsatishdi.

-Xalqimiz mehmondo‘stligi, bolajonligi, oilaparvarligi bilan ajralib turadi. Oilani muqaddas bilib, uning sha’ni, muvaffaqiyatlari,  mustahkamligi uchun kurashadi. Harbiylarning oilalari boshqalarga doim o‘rnak bo‘lib kelishini tilayman. Zero harbiy xizmatchining turmush o‘rtog‘i bo‘lish katta sinoatdir, – deydi hay’at a’zosi, Nukus shahar hokimligi vakili Dilbarxon To‘remuratova.

Malakali hay’at a’zolarining odilona qarorlari g‘oliblarni adolat mezonlari asosida aniqlab berishda ko‘mak berdi. Shunday qilib, shohsupaning birinchi pog‘onasi tanlovda mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Nukus garnizonidan III darajali serjant Bahrom Omonov oilasiga nasib etdi. Endilikda bu oilaga yangi mas’uliyat – tanlovning respublika bosqichida harbiy okrug sharafini himoya qilish yuklatiladi.

“Eng ahil harbiy oila” nominatsiyasida katta serjant Jasur Xoldorov oilasi,  “Muxlislar mehrini qozongan oila” degan xulosaga kichik serjant Umid Ergashev oilasi, “Eng quvnoq va zukko oila” nominatsiyasiga esa I darajali serjant Samandar Pardayev oilasi munosib topildi.

Tanlov ishtirokchilariga Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligining diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmatining O‘zAga xabar berishicha,  “Namunali harbiy oila” tanlovining yakuniy bosqichi 15 may – Xalqaro oila kuni arafasida o‘tkaziladi.