Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nukusda jangovar tayyorgarlik ob’ekti foydalanishga topshirildi
10:55 / 2023-09-02

O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 32 yillgi nishonlanayotgan shu kunlarda Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida kichik dala o‘quv maydoni foydalanishga topshirildi.

Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan islohotlar ko‘p yillardan beri og‘riqli bo‘lib kelgan muammolarni hal etish, harbiy xizmatchilar uchun xavfsiz xizmat sharoitlarini yaratish, armiyaning jangovar qudrati va salohiyatini yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Ana shunday o‘zgarishlar sabab, bugun Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida mavjud bo‘lgan harbiy ob’ektlar infratuzilmasi takomillashtirilib, zamon talabiga mos bo‘lgan yangi ijtimoiy va jangovar tayyorgarlik ob’ektlari bunyod etilmoqda. Buning natijasida armiyaning qudrati ortib, jangovar tayyorgarligi sezilarli darajada yuksaldi.  

Nukus garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida ilgari tashlandiq bo‘lgan qariyb 1,5 gektardan ortiq hududda kichik dala o‘quv maydoni barpo etilib, unda 10 ta shaharchadan iborat 50 ga yaqin o‘quv joyi yaratildi.  

Ob’ektni foydalanishga topshirish marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Farhodjon Shermatov, Nukus harbiy prokurori, adliya polkovnigi Ulug‘bek Abdurahimov, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.  

Ta’kidlanganidek, ushbu kichik dala o‘quv maydonida bir vaqtning o‘zida 600 nafar harbiy xizmatchining jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari bilan kunduzi va tunda shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratilgan. Endilikda o‘nlab kilometr olisdagi “Nukus” umumqo‘shin poligoniga borish uchun sarflanadigan vaqtdan unumli foydalanib, mashg‘ulotlarni harbiy qism hududining o‘zida tashkil etish mumkin.  

Artilleriya jangovar ish shaharchasi, havo hujumidan mudofaa, muhandislik, aloqa, texnik, otish va tog‘ tayyorgarligi, radiatsion, kimyoviy, biologik muhofaza, harbiy topografiya shaharchalari hamda jamoaviy ruhiy barqarorlikni shakllantirish yo‘lagidan iborat kichik dala o‘quv maydoni o‘lkamizning Shimoli-g‘arbiy hududi xususiyatlariga mos ravishda yaratildi. Har bir shaharcha 4-5 tadan o‘quv joyi va nuqtalaridan iborat bo‘lib, ularda yakka va guruh tarkibida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari bilan ham kunduzi, ham tunggi sharoitda shug‘ullanish mumkin. O‘quv joylaridagi nishon maketlari, turli to‘siqlar, handaq, transheya, yerto‘lalar hamda boshqa ob’ektlar nizom talablariga muvofiq yaratilgan.  

Jangovar tayyorgarlik shaharchalarida amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishdan oldin nazariy bilimlarni boyitish, texnika xavfsizligi talablari bilan tanishish uchun ochiq turdagi sinfxonalar mavjud. Ushbu ob’ekt endilikda harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligi yanada yuksalishiga xizmat qiladi.  

Tantanali tadbir davomida ushbu dala o‘quv maydoni barpo etilishida jonbozlik ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilarga minnatdorlik bildirildi.  

Timur NARZIEV,  

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig‘i,  

podpolkovnik.  

O‘zA