English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nukusda “InnoWeek-2022” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
13:09 / 2022-08-25

Nukusda Yoshlar texnoparki yangi binosi ochilish marosimi hamda “InnoWeek- 2022” innovatsion ishlanmalar hududiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari B.Habibullayev, Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi Milliy ofisi Bosh direktori O. To‘ychiyev va boshqalar so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni  yangi binoning hamda ko‘rgazmaning ochilishi bilan qutladi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 maydagi “Respublika hududlarida yoshlar texnoparklarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yoshlarni ilmiy faoliyatga yanada kengroq jalb etish, yosh iste’dod egalarini tayyorlab borish, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish maqsadida respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich Yoshlar texnoparklarini tashkil etish topshirildi.

Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan texnoparklar bino va inshootlarini qurish, qayta ta’mirlash, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 8,9 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

[gallery-8482]

“Nukus Yoshlar texnoparki” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish to‘g‘risida Innovatsion rivojlanish vazirligining buyrug‘i qabul qilinib, u 2021 yil 13 dekabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib faoliyat olib bormoqda.

Ushbu texnoparklarning ishlab chiqarish moddiy texnik bazasini shakllantirish maqsadida 3D printerlar, o‘quv ko‘rgazmalari, lazer keskich, frezer ishlov beruvchi markaz, gidravlik list bukkich, elektr payvandlagich, laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikalari, mebel jihozlari va boshqa zamonaviy uskunalar xarid qilindi. Bundan tashqari 10 nafar yosh xodim qabul qilinib, yoshlar texnoparkining vazifalar taqsimoti tasdiqlandi. Bu yerda iqtidorli yoshlarni jalb qilish orqali salohiyatli loyihalarni shakllantirib, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilingan tanlovlarga tavsiya etib boriladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Innovatsiyalar milliy ofisi hamda qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Innoweek-2022” innovatsion g‘oyalar ko‘rgazmasining ochilishi ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklar tashkil etilishiga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida Orolbo‘yi muammolarining ilmiy yechimini ta’minlashga qaratilgan milliy tanlovga kelib tushgan loyihalarning Ilmiy-texnik kengashdagi ochiq muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Orol dengizining qurigan tubi tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirilgan o‘simliklar maydonlarini kengaytirish, tuproq tarkibidagi tuzni kamaytirish muammolarining ilmiy yechimini ta’minlashga mavjud ilmiy-innovatsion salohiyatni jalb etish maqsadida e’lon qilingan milliy tanlovga kelib tushgan 52 ta amaliy va innovatsion loyiha ko‘rib chiqildi.

Taqdim etilgan loyihalarning 11 tasi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlaridan, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi innovatsiya markazidan topshirilgan. Kengash tarkibiga respublikamizning nufuzli ilmiy tashkilotlari va oliy ta’lim muassasalaridan 23 nafar yetuk olim jalb qilindi.

Ko‘rgazmada 14 ta oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasasi, 18 ta tadbirkorlik sub’ekti va 40 nafar yosh startap egasi o‘z innovatsion ishlanmalari, texnologiyalari bilan ishtirok etdi. Ular orasidan eng yaxshi loyihalar saralab olinib, xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligiga yo‘llanma berildi. Shuningdek, eng yaxshi loyiha egalariga “Nukus Yoshlar texnoparki” imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘z loyihasini rivojlantirish imkoniyati berildi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA