14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimida xizmat qilayotgan bir guruh fidoyi harbiy xizmatchilarga yangi, zamonaviy va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan namunali uy-joylar tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur tadbir mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoitini yaratish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Uy-joylar Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan dastur asosida, zamonaviy qurilish talablari va shaharsozlik me’yorlariga to‘liq mos holda barpo etildi.
Tantanali marosimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘mondonligi, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari ishtirok etishdi.
[gallery-27095]
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Vatan tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida kecha-yu kunduz fidokorona xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning mehnati yuksak e’tirofga loyiq ekanini ta’kidlashdi. Harbiy xizmatchining ruhiy holati, xizmatga bo‘lgan mas’uliyati va sadoqati ko‘p jihatdan uning oilasidagi sharoit bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois, ushbu topshirilayotgan yangi uylar harbiy xizmatchilarga nafaqat qulay turmush maskani, balki Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish yo‘lidagi yana bir katta rag‘bat ekanligi qayd etildi.
Yangi uy-joylar keng va yorug‘ xonalar, zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlari, issiq va sovuq suv, tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlangan. Shuningdek, hududda bolalar maydonchalari, yashil hududlar, avtoturargohlar barpo etilgan bo‘lib, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratilgan. Uy kalitlarini qabul qilib olgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari davlatimiz rahbariyati hamda Mudofaa vazirligiga o‘z minnatdorliklarini bildirib, yaratilayotgan shart-sharoitlar xizmatga bo‘lgan mas’uliyatni yanada oshirishini ta’kidlashdi.
Tadbir bayramona ruhda davom etib, madaniy dastur, vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar va badiiy chiqishlar bilan yanada ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari