Mashhur yunon tabibi Gippokratning “Tabobat barcha ilmu san’atlar ichida eng buyuk ilm va san’atdir” degan so‘zlari tibbiyot sohasiga berilgan eng to‘g‘ri bahodir.
Mamlakat aholisining salomatligini saqlash – har bir davlat va jamiyat uchun eng dolzarb vazifalardan biri sanaladi. Shunday ekan tibbiyot sohasi xodimlarining ham jamiyatdagi o‘rni yuksalaveradi. Yillar o‘tsa-da, bu sohaga talab kamaymaydi.
Yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanib kelinayotgan “Tibbiyot xodimlari kuni” bu yil o‘zgacha shukuhda, o‘zgacha tarzda o‘tkazilishining guvohi bo‘lyapmiz. Albatta, bunday e’tiborning boisi, 2020 yilda butun insoniyat olamida katta burilish yasagan Koronavirus pandemiyasi davrida tibbiyot xodimlarining obro‘sini yanada yuksaltirib, bu kasbning nechog‘lik mas’uliyatli ekanini hammaga ko‘rsatganidadir.
Soha xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda o‘tkazilgan bayram tadbirida harbiy tibbiyot rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan salomatlik elchilarining xizmatlari e’tirof etilib, harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining salomatligini saqlash yo‘lidagi mashaqqatli mehnati sharaflandi.
Tadbirda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni tomonidan e’tirof etilganidek, pandemiya sharoitida joriy etilgan karantin davrida harbiy okrug tibbiyot xodimlari boshqa kuch tuzilmalari vakillari bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 220 ming gektardan ortiq hududda profilaktik dezinfeksiya ishlarini olib borishgan.
Shu yilning o‘zida 100 nafardan ortiq Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va Qurolli kuchlar faxriylariga tizimli ravishda manzilli patronaj tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning harbiy tibbiyot soha vakillaridan uch nafari Prezidentimizning “Mehr-sahovat” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangani, albatta bu kasb egalarining salmoqli mehnatidan dalolat.
So‘zga chiqqanlar mashaqqatli kasb egalarini bayram bilan samimiy muborakbod etib, harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining sog‘ligini saqlash, tibbiy xizmat ko‘rsatishda bukilmas iroda va matonat tiladi.
Bayram munosabati bilan bir guruh harbiy tibbiyot soha vakillari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan yuksak mukofotlar, qimmatbaho esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazining harbiy orkestri jamoasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining xushovoz xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy va navolar dillarni xushnudlik bilan to‘ldirdi.
Sana munosabati bilan harbiy tibbiyot xodimlari sharafiga bayramona dasturxon yozildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug
matbuot xizmati