Joriy yil muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlarni milliy armiyamizda foydalaniladigan qurol-aslahalar, jangovar va harbiy texnikalar, harbiy xizmatchilarga belgilangan ta’minot me’yorlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Nukus” umumqo‘shin poligonida ko‘rgazmali o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Tashkil etilgan 5 ta o‘quv joyi va 22 ta o‘quv nuqtasida tajribali ofitser va serjantlardan iborat mashg‘ulot rahbarlari askarlarga o‘qotar qurollar, jangovar, harbiy va maxsus texnikalarning vazifasi, qo‘llanilishi hamda ulardan foydalanilganda xavfsizlik qoidalariga amal qilish bo‘yicha mashg‘ulotlarni olib bordi.
Bu haqda Shimoli-g‘abiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
Mashg‘ulotda dala sharoitida ovqat tayyorlash uchun jihozlar, harbiy xizmatchilarga belgilangan oziq-ovqat va kiyim-kechak ta’minoti me’yorlari, aloqa, tibbiy yordam ko‘rsatish texnika va vositalari, muhandislik qurol va anjomlari haqida batafsil ma’lumotlar yetkazildi.
Shundan so‘ng o‘qotar qurollar va jangovar texnikalar yordamida ko‘rgazmali o‘q otish mashg‘ulotlari namoyish etildi.
Birinchi o‘quv nuqtada motoo‘qchi va maxsus bo‘linmalar uchun mo‘ljallangan o‘qotar qurollardan nishonlarga qarata o‘q uzildi. Ikkinchi o‘quv nuqtasida granatomyot, zenit va artilleriya to‘plari, zirhli transportyordan nishonlarni aniq mo‘ljalga olib otilgan o‘q va snaryadlar endigina armiya saflarini to‘ldirgan yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Ko‘rgazmali mashg‘ulotlardan so‘ng muddatli harbiy xizmatchilar birinchi marotaba avtomatdan amalda mashq bajardi. 100 va 200 metr uzoqlikdagi ikkita nishon – yangi askarlarning amaliy mashg‘ulotlarda ilk ko‘nikmalarini shakllantirish uchun dastlabki marra vazifasini o‘tadi.
Qurolni o‘q otishga hozirlash, uni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, o‘q-dorilarni o‘qdonga joylashtirish bo‘yicha o‘quv nuqtalarida yoshlar bilimga chanqoq, dastlabki harbiy ko‘nikmalarni egallashga qiziqishi baland ekanligini namoyish etdi.
O‘zA