Nukus shahridagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash o‘quv kursi xarajatlarini va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o‘tash badalini to‘liq miqdorda qoplash uchun subsidiyalar ajratilib, 383 nafar yoshga 1 milliard 739 million 626 ming 800 so‘mlik vaucher topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev Yangi O‘zbekistonda kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lmish yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Orolbo‘yida yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari, taklif va istaklarini o‘rganish, ularni hal etish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan “Nukus shahar tajribasi” yaratildi.
[gallery-8132]
Ishchi guruh tomonidan Nukus shahrining 4 ta sektorida Yoshlar yetakchilari bilan birgalikda 64 ta mahallada uyma-uy xatlov ishlari amalga oshirib, 14-30 yoshdagi 74 ming 683 nafar yoshning balansi to‘liq shakllantirildi.
Yoshlar balansi asosida aniqlangan har o‘n beshinchi ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 4 ming 820 nafar yosh 19 ta ko‘mak turi bo‘yicha “Yoshlar daftari” elektron platformasiga kiritildi Xususan, 1 ming 562 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshga bir martalik yordam puli ajratish, 864 nafar o‘quvchini maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash, 833 nafar talabaning kontrakt to‘lovini to‘lash, 567 nafar ishsiz yoshning bandligini ta’minlash uchun mehnat qurollari ajratish, 243 nafar yoshning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmati badalini to‘liq qoplash, 140 nafar yoshni haydovchilik kursida o‘qitish, 154 nafar o‘quvchi-yoshni tadbirkorlik, kasb-hunar, xorijiy tillar va ilm-fan yo‘nalishlarida o‘qitish, 141 nafar bemor yoshni davolash va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, 129 nafar yoshni ish bilan ta’minlash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Shundan 4 ming 820 nafar yoshning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish uchun – 27,3 milliard so‘m, tadbirkorlik faoliyatiga imtiyozli kredit uchun – 2,3 milliard so‘m mablag‘ga ehtiyoj mavjudligi aniqlandi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari A.Daniyarov, Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘mondoni, polkovnik F.Shermatov, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari F.Ablayarov va boshqalar yoshlarga vaucherlarni tantanali ravishda topshirdi. O‘z navbatida yoshlar va ota-onalar so‘zga chiqib, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rligi uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
– Kichkinaligimdan harbiy xizmatga qiziqar edim, – deydi Nukus shahridagi “Ko‘k o‘zak” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Ruslan Avezov. – Ammo oilaviy qiyinchiliklar tufayli safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat badalini to‘lashdan qiynalib kelayotgan edim. Mana bugun menga 6 million 467,6 ming so‘mlik vaucher berishdi. Nihoyat orzuyim ushaladigan bo‘ldi.
So‘ng yoshlarning Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugiga va avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash o‘quv tashkilotiga sayohati tashkil etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA