Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Nukus” poligonida o‘quvchilar o‘q otish mashqini bajarmoqda
09:36 / 2024-03-13

2020-yilning 20-noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan umumta’lim muassasalari 11-sinf o‘quvchilarining “Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fanidan olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida o‘quv yilida bir marta harbiy poligonga olib chiqish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berilgan edi.

Ushbu topshiriqning sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil  3-fevraldagi “Xalq ta’limi tizimini isloh  qilish  bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil  8-noyabrdagi “Ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi  qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarning 11-sinfida ta’lim olayotgan o‘g‘il bolalar uchun “Nukus” umumqo‘shin poligonida amaliy o‘q otish mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.

Poligonda o‘tkazilgan bu yilgi mavsumning ilk mashg‘ulotlariga 1 ming 656  nafarga yaqin Amudaryo tumanidagi yuqori sinf o‘quvchisi hamda profilaktik hisobda turuvchi yosh jalb etildi. E’tiborlisi, joriy yildan boshlab ixtisoslashtirilgan hamda Prezident maktablari o‘quvchilari ham ushbu mashg‘ulotlarda ishtirok etadi. Jami bo‘lib Qoraqalpog‘iston Respublikasining 13  ming 164 nafar 11-sinf o‘quvchisi amaliy o‘q otish tayyorgarligi mashg‘ulotlariga jalb etiladi. Mashg‘ulotlar shu yilning aprel oyiga qadar davom etadi.

Yurtimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda xalqimiz tarixiga va ma’naviy qadriyatlariga yuksak hurmat tuyg‘usini shakllantirish, Vatan himoyasiga, uning milliy xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini himoya qilishga doimo shay turishga hamda harbiy xizmatni o‘tashga tayyorlashning dastlabki poydevori, albatta, maktablardan boshlanadi.  

Poligondagi  o‘quv nuqtalarida  ofitser va serjantlar rahbarligida yuqori sinf o‘quvchilarining jangovar qurollar bilan muomala qilish, ulardan foydalanish va texnika xavfsizligi qoidalariga  rioya etish bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi. O‘quv nuqtalarida granatalarni uloqtirish, avtomat o‘qdonini patron bilan o‘qlash, aniq mo‘ljalga olishni o‘rganish, turli holatlardan qurolni otishga tayyorlash, avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish kabi mashqlar yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan bajarildi. Otish qoidalari  va xavfsizlik talablari bo‘yicha berilgan yo‘riqnomalardan keyin yoshlar o‘q otish maydoniga  yo‘l  oldi.  

Birinchi marotaba quroldan amaliy o‘q otish mashqlarini bajarayotgan yoshlarning xatti-harakatlarini tajribali ofitser va serjantlar nazorat qilib borishdi. Har bir o‘quvchi 100 metr uzoqlikda turgan nishonga qarata 3 dona o‘q uzib, maktabda o‘tilgan chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlikdan olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi.

[gallery-16363]

Harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan maxsus joyda jangovar texnika va o‘qotar qurol namunalari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Haqiqiy qurollar bilan tanishuv, ularning jangovar imkoniyatlari va texnik tavsifi haqidagi ma’lumotlar hech bir o‘g‘il bolani e’tiborsiz qoldirmadi.

Dovud Abibullayev, Maqsad  Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari