Qo‘shinlarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirishni tashkil etish ularning tezkorligi va yuksak jangovar shayligini ta’minlab, olis masofalarni yaqin qilishga xizmat qiladi.
Nukus temir yo‘l bekati, shoxobchasi va aeroporti harbiy harakatlar tarkibiy bo‘limi tomonidan garnizonda joylashgan harbiy qism shaxsiy tarkibi uchun “Nukus” dala-o‘quv maydonida harbiy texnika va harbiy yuklarni temir yo‘l harakatchan tarkibi, ya’ni vagonlarga yuklash-tushirish hamda qotirish bo‘yicha amaliy-ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.
Mashg‘ulotlarda harbiy texnika va yuklarni tashish jarayonida tayinlanadigan qorovul shaxsiy tarkibining majburiyatlari, turli xil vaziyatlardagi harakatlari va alohida xizmat o‘tashning boshqa ahamiyatli jihatlari namuna sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Mashg‘ulotda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati xodimlari ishtirok etib, yo‘l hujjatlarini to‘ldirish hamda temir yo‘l stansiyalarida to‘xtash tartibi haqida ma’lumot berishdi.
Ko‘rgazmali tarzda o‘tilgan mashg‘ulotlar doirasida zirhli va avtomobil texnikalarni platformalar orqali vagonlarga yuklash-tushirish, ular siljib ketishining oldini olish maqsadida belgilangan tartibda mahkamlash, texnikalarni tashishda niqoblash ishlarini tashkil etish kabi masalalar namoyish etildi.
Ta’kidlash joizki, sohada olib borilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq endilikda texnika va yuklarni temir yo‘l platformalariga mahkamlash uchun oldingidek bir marotaba ishlatiladigan po‘lat simlardan emas, balki bir necha yillar xizmat qilishga tayyor bo‘lgan va ishlatishda anchagina qulay bo‘lgan qotirish mexanizmlaridan foydalanilmoqda.
Mashg‘ulotning amaliy tadbirlarini harbiy xizmatchilar shaxsan o‘zlari bajarib, qo‘nikmalarini yanada mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi.