Ijtimoiy tarmoqlarda “Nukus hayvonot bog‘idagi hayvonlar og‘ir sharoitda saqlanadi. Ekologik faollar bong urmoqda. Toshkent shahar hayvonot bog‘i, hayvonlarni qaytarib olib keting” mazmundagi post e’lon qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi munosabat bildirdi. Unda qayd etilishicha, hayvonlarning saqlanish sharoiti vazirlikning Nukus shahar bo‘limi mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganildi.
"Nukus hayvonot bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi “Nukus Zoo cirk” faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, hayvonot bog‘ida hozir 1 dona oq tirnoqli qo‘ng‘ir ayiq, 8 dona Afrika sheri, 3 dona bo‘ri, 1 dona chiyabo‘ri, 2 dona kalxat, 1 dona grifa-tasqara, 4 dona burgut, 2 dona tovus, 2 dona quyon, 1 dona cho‘l toshbaqasi hayvonlari mavjud.
Hayvonlarning har biri 5m × 10m o‘lchamdagi, qushlar esa 3m × 4m o‘lchamdagi volerlarda saqlanmoqda. Hayvonlar va qushlar saqlanadigan voler va ichkaridagi uyalarga yog‘och taxtadan pol qilinib, isitish moslamalari o‘rnatilgan. Har bir volerning old qismida hayvonlarni sug‘orish moslamalari, shuningdek, mikroiqlim hosil qiluvchi suv shlanglari o‘rnatilgan.
Hayvonlarni saqlashda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012 yil 21 iyunda ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Aholi punktlarida yovvoyi hayvonlarni saqlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga rioya qilingan.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, 2022 yil 27 sentyabr kuni Nukus hayvonot bog‘ida saqlanayotgan Afrika ona sheri uchta shervachchani dunyoga keltirgani haqida xabar bergan edik. Hozirgi kunda shervachchalar sog‘lom va baquvvat rivojlanmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri