Nukus harbiy gospitalining asosiy binosi Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga to‘liq ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi. Bu yurt himoyachilari va ularning oila a’zolari, shuningdek, harbiy pensionerlarning salomatligini tiklash tizimini eng olis garnizonida ham yuqorida darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramiga bag‘ishlab yurtimizda joriy etilgan “Vatanparvarlik oyligi” tadbirlari doirasida yangilangan Nukus harbiy gospitali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari hamda Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti talabalari uchun o‘z eshigini ochdi.
Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidan 2007 yilda Nukus shahridagi 1-sonli yopiq harbiy shaharcha hududiga ko‘chirilgan gospital texnik ta’mirlash bazasi sifatida faoliyat yuritgan sobiq uch qavatli harbiy ob’ektga joylashtirilgan bo‘lib, 50 to‘shakka mo‘ljallangan edi. Binoda 2007 yildan beri joriy ta’mir ishlari olib borilgani hamda kapital ta’mir ishlari bajarilmagani uchun muassasa infrastrukturasi anchagina eskirgan ahvolga kelib qolgan edi.
Qolaversa, moddiy-texnik bazaning yetarlicha bo‘lmagani, ko‘plab zamonaviy tibbiy-diagnostika va tekshiruv uskunalariga bo‘lgan ehtiyoj sabab, bu yerda tibbiy muolaja olish, shifo topish uchun kelganlarga yetarli darajada xizmat ko‘rsatishga imkon bo‘lmagan. Mazkur uskunalarga bo‘lgan ehtiyoj tufayli harbiy xizmatchilar Nukus shahridagi boshqa tibbiyot muassasalariga murojaat etishlari ularga qo‘shimcha noqulayliklarni vujudga keltirardi.
Mehmonlar yangilangan harbiy gospitaldagi zamonaviy tibbiy uskunalar va muolaja xonalari, bemorlar uchun mavjud qulayliklar bilan yaqindan tanishib, harbiy-tibbiyot sohasi mutaxassislari bilan fikr almashdi. Gospital qoshida 2022 yilda faoliyatini boshlagan “Taktik medik (paramedik)lar” o‘quv kursi tinglovchilari tomonidan jangda jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulot namoyish etildi.
[gallery-10224]
2022 yilda kapital ta’mirdan chiqqan hamda eng zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va anjomlar bilan jihozlangan gospital favqulodda holatlarda bir yo‘la 100 nafarga yaqin bemorni qabul qilish, ularga sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tibbiyot maskanida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, terapiya hamda yuqumli kasallikka chalinganlarni statsionar davolash, tibbiy muolajalar hamda laborator tekshiruvlarni amalga oshirish imkoni mavjud. Nukus harbiy gospitalida Toshkentdagi Markaziy harbiy klinik gospitali hamda boshqa tibbiy muassasalarining yetakchi shifokorlari bilan maslahatlashish, bemorlarning xastaligiga birgalikda shifo topish maqsadida onlayn videoaloqa tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, tele-meditsina yo‘nalishi ham rivojlantirilgan.
Tibbiy muassasada quloq-tomoq, ko‘z, jarroh, stomatolog, nevropatolog, teri-tanosil kasalliklari shifokori, ginekolog, rentgenolog kabi malakali shifokorlar harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolariga xizmat ko‘rsatmoqda. Maxsus jonlantirish bo‘limida har qanday darajadagi bemorlarni qabul qilish, ularga zarur bo‘lgan alohida muolajalar o‘tkazish mumkin.
Gospital bo‘lim va kichik bo‘linmalarida ham ilgari ahvol yaxshi bo‘lmagani, xizmat xonalari yetarli emasligi sabab, bo‘lim shifokorlari bir xonada o‘tirishga majbur bo‘lganini qayd etish lozim. Endilikda har bir mutaxassis o‘z xizmat xonasi, alohida qabulxona va muolaja xonalariga ega bo‘ldi. Bu ham ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat va madaniyatning yuksalishi, soha mutaxassislarining o‘z ustida ishlashi, xizmat majburiyatlari bilan bir qatorda ilm-fan bilan shug‘ullanishiga ham imkon yaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Sohaga davolashning yangi va zamonaviy usul va uslublari joriy etilayotgani bois bugun ushbu shifo ulashuvchi dargohda klinik-bioximik laboratoriya, EFGDS, EKG, ultratovush tekshiruvi hamda rentgenografiya tekshiruvi xizmat ko‘rsatmoqda. Mazkur gospitalda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan tashqari Milliy gvardiya, DXX Chegara qo‘shinlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo‘linmalari harbiy xizmatchilariga tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
Nukus harbiy gospitalida aholiga pullik tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Kapital ta’mirdan keyin gospital hududiga Nukus sanitariya-epidemiologik nazorat bo‘limining COVID-19 yuqumli kasalligini tez aniqlab beradigan virusologiya laboratoriyasi ham joylashtirildi.
Kapital qurilish ishlari davomida gospitalda autsorsing tizimi asosida faoliyat ko‘rsatayotgan shinam oshxona, anjumanlar zali, sport va jismoniy davolash ishlari bilan shug‘ullanish uchun trenajyorlar bilan jihozlangan sport zali bunyod etildi.
Yurt himoyachilarining sog‘lig‘ini saqlash uchun yaratilgan shinam va qulay sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Temur NARZIEV,
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot
xizmati boshlig‘i, podpolkovnik.
O‘zA