English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nukus garnizonida sog‘lomlashtirish aksiyasi o‘tkazildi
19:14 / 2020-12-17

Nukus garnizonida “Vatanparvarlik oyligi” doirasida “Sog‘ tanda – sog‘lom aql” shiori ostida 5000 qadam sog‘lomlashtirish tadbirida harbiy xizmatchilar bilan ularning oila a’zolari ham ishtirok etdi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga ma’lum qildi.

Nukus shahrining markaziy ko‘chalaridan birida o‘tkazilgan tadbir davomida ishtirokchilar garnizon harbiy orkestrining sho‘x-shodon navolari ostida birdamlikda masofani piyoda bosib o‘tishdi.

O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat bayroqlari hamda Mudofaa vazirligining bayrog‘i ishtirokchilarga hamroh bo‘ldi.

Sog‘lomlashtirish aksiyasi chor-atrofdagilarning ham diqqat-e’tiborini tortdi. Ba’zi ko‘ngillilar ishtirokchilar safiga qo‘shilgan bo‘lsa, ba’zilari telefon kamerasiga tasvirga olib, uni internet tarmog‘i orqali do‘stlariga ulashdi.

Finish chizig‘ida ishtirokchilarni kutilmagan sovg‘a kutib turdi. Qaynoq qo‘shiqlar sadosi ostida sport gimnastikasi hech kimni bee’tibor qoldirmadi. Badanni qizdiruvchi va navolar ritmiga mos bo‘lgan harakatlar barchada qiziqish uyg‘otdi.

Ko‘plab ishtirokchilarning talabiga muvofiq, endilikda har hafta ana shunday sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi aksiyalar o‘tkazilishiga kelishildi.

Tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ko‘magida o‘tkazildi.

O‘zA