Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nukus garnizonida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi
21:02 / 2026-01-13

14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Nukus shahrida joylashgan harbiy qismda yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va mas’uliyat ruhida tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.

Bayramona ruhda o‘tgan tadbirda umumta’lim maktablari o‘quvchilari, kollej va texnikum talabalari, oliy ta’lim muassasalari yoshlari, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.  Ushbu tadbir  orqali harbiy xizmatning bugungi qiyofasi, Qurolli Kuchlarda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar va olib borilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka namoyish etildi.  

Tadbir doirasida kuch tuzilmalarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar tomonidan o‘tkazilgan qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Chaqqonlik, aniqlik va yuqori jismoniy tayyorgarlikni mujassam etgan ushbu ko‘rgazmali mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning nafaqat jismonan, balki ruhan ham kuchli ekanligini  yaqqol namoyon etdi.  

[gallery-27096]

Shuningdek, tadbir davomida zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Yoshlar harbiy texnikalarning  imkoniyatlari, ularning jangovar tayyorgarlikdagi o‘rni bilan yaqindan tanishib, mutaxassislardan batafsil ma’lumotlar olishdi. Bu esa yoshlarda harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

Tadbirning eng qiziqarli va innovatsion qismi sifatida dronlar shousi alohida e’tiborni tortdi. Uchuvchisiz uchish apparatlarining havodagi muvofiqlashtirilgan harakati, ularning razvedka va kuzatuv imkoniyatlari namoyish etilib, zamonaviy armiyada raqamli texnologiyalarning o‘rni naqadar muhim ekani amalda ko‘rsatib berildi. Ushbu shou yoshlar ongida kelajak harbiy kasblarining qiyofasini yanada yaqqolroq gavdalantirdi.

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan yashash va xizmat sharoitlari bilan ham atroflicha tanishtirildi. Zamonaviy yotoqxonalar, sport zallari, ovqatlanish maskanlari, o‘quv xonalari va dam olish hududlari yoshlarga bugungi harbiy xizmatning qulay va tizimli tarzda tashkil etilganini sharafli va istiqbolli kasb sifatida namoyon etdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan mas’ullar yoshlar bilan ochiq muloqot qilib, Vatan himoyasi — bu muqaddas burch ekani, bugungi kunda harbiy xizmatchilarga davlat tomonidan keng imkoniyatlar va ijtimoiy kafolatlar yaratilayotganini ta’kidlashdi. Shuningdek, yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk va Vatanga sadoqatli bo‘lib kamol topishga chaqirishdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari