French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nukus garnizonida harbiy texnika va qurol-aslahalar namoyishi va ko‘rgazmali mashg‘ulot o‘tkazildi
16:10 / 2021-04-24

2021 yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yangi askarlarni milliy armiyamizda foydalaniladigan qurol-aslahalar, jangovar va harbiy texnikalar, belgilangan ta’minot me’yorlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida ko‘rgazmali o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.

Bu haqda Shimoli-g‘abiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.

O‘quv mashg‘ulotining ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar milliy armiyamizni takomillashtirish maqsadida zamonaviy texnika va qurol-yarog‘lar bilan butlash ishlari tizimli ravishda olib borilayotganini e’tirof etdi.  

Tashkil etilgan 7 ta o‘quv joyi va 28 ta o‘quv nuqtasida tajribali ofitser va serjantlardan iborat mashg‘ulot rahbarlari askarlarga o‘qotar qurollar, jangovar, harbiy va maxsus texnikalarning vazifasi, qo‘llanilishi hamda ulardan foydalanilganda xavfsizlik qoidalariga amal qilish bo‘yicha mashg‘ulotlarni olib bordi.

Mashg‘ulotda dala sharoitida ovqat tayyorlash uchun jihozlar, harbiy xizmatchilarga belgilangan oziq-ovqat va kiyim-kechak ta’minoti me’yorlari, aloqa, tibbiy yordam ko‘rsatish texnika vositalari, muhandislik qurol va anjomlari haqida batafsil ma’lumotlar yetkazildi.

Ikkinchi kuni yangi askarlar uchun “Nukus” poligonida o‘qotar qurollar va jangovar texnikalar yordamida ko‘rgazmali o‘q otish mashg‘ulotlari namoyish etildi.

Har bir amaliy-ko‘rgazmali o‘q otish mashqida qurol va harbiy texnikaning qo‘llanilishi, taktik-texnik tavsiflari hamda boshqa xususiyatlari haqida ishtirokchilarga ma’lumotlar berib borildi. Ko‘rgazmali mashg‘ulotda yuqori sinf o‘quvchilari ham ishtirok etdi.

Birinchi o‘quv nuqtada motoo‘qchi va maxsus bo‘linmalar uchun mo‘ljallangan o‘qotar qurollardan nishonlarga qarata o‘q uzildi. Ikkinchi o‘quv nuqtasida granatomyot, zenit va artilleriya to‘plari, jangovar mashina, zirhli transportyor va tanklardan nishonlarni aniq mo‘ljalga olib otilgan raketa va snaryadlar yoshlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Ko‘rgazmali mashg‘ulotlardan so‘ng muddatli harbiy xizmatchilar birinchi marotaba avtomatdan amalda mashq bajardi. 100 va 200 metr uzoqlikdagi ikkita nishon – yangi askarlarning amaliy mashg‘ulotlarda ilk ko‘nikmalarini shakllantirish uchun dastlabki marra vazifasini o‘tadi.

Qurolni o‘q otishga hozirlash, uni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, o‘q-dorilarni o‘qdonga joylashtirish bo‘yicha o‘quv nuqtalarida yoshlar bilimga chanqoq, dastlabki harbiy ko‘nikmalarni egallashga qiziqishi baland ekanligini namoyish etdi.