Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nufuzli musobaqa boshlandi
21:29 / 2015-05-27

Toshkent viloyatidagi “Do‘stlik” stadionida regbi bo‘yicha Osiyo chempionati III divizion bahslari boshlandi

Toshkent viloyatidagi “Do‘stlik” stadionida regbi bo‘yicha Osiyo chempionati III divizion bahslari boshlandi

Mazkur nufuzli musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakatimiz regbi federatsiyasi va Osiyo regbi uyushmasi (ARFU) hamkorligida tashkil etildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jismonan va ma’nan sog‘lom avlodni tarbiyalash, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida mamlakatimizda qator sport turlari, jumladan, regbi ham rivojlanmoqda. 

Regbi – dunyoda jadal ommalashayotgan sport turidir. Bugungi kunda mazkur sport turi jahonning yuzdan ziyod davlatida rivojlanmoqda. 2009-yili regbi-7 Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida tashkil etiladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritildi. 

2004-yili tashkil etilgan O‘zbekiston regbi federatsiyasi 2006-yili Osiyo regbi uyushmasiga a’zo bo‘ldi. 2014-yil 14-mayda Xalqaro regbi kengashining to‘la huquqli a’zoligiga qabul qilindi. Federatsiya tomonidan mazkur sport turini yanada rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ommalashtirish borasida qator ishlarni amalga oshirmoqda. 

Mazkur sport turiga qiziquvchi yoshlardan iborat jamoalar ishtirokida erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasida mamlakat chempionati, turli musobaqalar muntazam o‘tkazilmoqda. Mashg‘ulot va musobaqalarni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish uchun sharoit yaratish, xalqaro maydonda yuksak natijalar ko‘rsatishga qodir iste’dodli sportchilarni saralash, terma jamoalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqaro aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Regbi bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari qit’a miqyosidagi musobaqalarda muntazam qatnashib kelmoqda. 

O‘zbekiston xotin-qizlar terma jamoasi regbi-15 bo‘yicha 2008-yilgi Osiyo chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritgan. 2012-yili Pokistonda regbi-7 bo‘yicha qit’amizning eng kuchli olti terma jamoasi va Irlandiya, Yangi Zelandiyadan taklif etilgan jamoalar ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro turnirda O‘zbekiston vakillari uchinchi o‘rinni egalladi. 2013-yili Malayziyada regbi-7 bo‘yicha tashkil etilgan yigirma yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida yoshlarimiz munosib qatnashdi. O‘zbekiston xotin-qizlar terma jamoasi a’zolari o‘tgan yili Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tgan XVII Osiyo o‘yinlarida ishtirok etib, tajriba va mahoratini oshirdi.

Shu yilning mart oyida Hindistonning Chennay shahrida regbi bo‘yicha o‘tkazilgan “Asian Olympic Pre-Qualifier” xalqaro turnirida O‘zbekiston xotin-qizlar terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Endi sportchilarimiz 2016-yili Braziliyada bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun shu yilning noyabr oyida Gonkong va Tokio shaharlarida tashkil etiladigan saralash musobaqalarida ishtirok etadi. 

Regbi bo‘yicha Osiyo chempionati III divizion bahslarida O‘zbekiston va Hindiston terma jamoalari g‘oliblik uchun bahslashmoqda. Mazkur divizionda g‘olib bo‘lgan jamoa II divizionga chiqish imkonini beradigan pley-off musobaqalarida qatnashadi.