Avvalroq xabar berganimizdek, 26 yanvar kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo Olimpiya Kengashining 46-Bosh Assambleyasi doirasida xalqaro sport hamjamiyati va jahon ekspert doiralari vakillari yurtimizga tashrif buyurdilar.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamrohligida qator nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va oliy martabali mehmonlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ushbu maskanda mujassam etilgan tarix, ilm-fan va zamonaviy innovatsiyalar uyg‘unligining yorqin namunasi bilan yaqindan tanishdilar.
Bu galgi tashrifda Kuvayt Milliy Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti, Osiyo Olimpiya Kengashining «Sport orqali tinchlik» qo‘mitasi raisi Shayx Fahad Nasser Saboh Al-Ahmad Al Saboh, Iordaniya Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi Ijroiya qo‘mitasi a’zosi — Hazrati Oliylari Shahzoda Faysal bin Al-Hussayn, iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik bo‘yicha maslahatchi Sumu Chakrabarti, Xalqaro antidoping agentligi Prezidenti Vitold Banka, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi sport vaziri, Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Mixail Degtyarev ishtirok etdi.

E’tiborli jihati shundaki, Markaz ekspozitsiyalari bilan kuni kecha tanishgan AQSH Prezidentining maxsus vakili — Paolo Zampoli Islom sivilizatsiyasi markaziga yana bir bor qaytdi. Bu gal o‘g‘li hamrohligida Markazga kelar ekan, bu maskanda tarix faqat namoyish etilmasdan, balki zamonaviy muzey yechimlari orqali fikr uyg‘otuvchi, muloqotga chorlovchi va his etiladigan tirik muhit sifatida yaratilganiga alohida e’tibor qaratdi. Oliy martabali mehmon shuningdek, kecha markazga tuxfa qilgan AQSH konstitutsiya kitobining maxsus vitrinaga joylashtirilganini ko‘rib, bu haqida iliq taassurot va fikrlarini AQSH prezidenti Donald Trampga yetkazishini ta’kidladi. U Markazning ilmiy-ma’rifiy konsepsiyasi, tarixiy ekspozitsiyalarning mazmunan yaxlitligi hamda innovatsion texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan ta’sirchan yechimlariga yana bir bor yuksak baho berdi.


Tashrif davomida nufuzli mehmonlar, eng avvalo, Markazning Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bag‘ishlangan, Markaziy Osiyo ilm-fani va ma’naviy tafakkuri taraqqiyotini aks ettiruvchi “Shon-sharaf zali” ekspozitsiyasi bilan tanishdilar. 14 ta ramziy ravoqdan iborat ushbu zalda Xorazmiy va Farg‘oniy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy, Ibn Sino va Beruniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Ulug‘bek Mirzo, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur hamda jadid ma’rifatparvarlar siymolari yaxlit tarixiy jarayon sifatida namoyon etilgan.



Markaz muzeyining islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda noyob qadimiy tangalar, ilk intellektual tafakkur ramzi bo‘lgan qadimiy shaxmat namunasi, turli davrlarga mansub tarixiy liboslar va matolar taqdim etilgan. Ushbu eksponatlar Markaziy Osiyo hududida islomdan oldin ham yuksak madaniy muhit, rivojlangan iqtisodiy munosabatlar va chuqur fikrlash an’analari mavjud bo‘lganini yaqqol ko‘rsatadi. Ayniqsa, asl artefaktlar, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”dagi interaktiv kontentlar hamda qadimiy shahar manzilgohlari maketlarining zamonaviy uslubda taqdim etilishi tarixni his etish imkonini yaratdi.

Markazning Birinchi Renessans bo‘limi esa mehmonlarning alohida e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Ushbu bo‘limda tashkil etilgan 6 ta interaktiv kapsula orqali IX–XII asrlarda din va ilm bir-birini inkor etmagan, aksincha, uyg‘un rivojlangani ta’sirchan tarzda ochib berilgan. Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi allomalarning raqamli avatarlari orqali mehmonlar ularning ilmiy qarashlari, dunyoviy va diniy bilimga munosabati bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu yechim Markazni an’anaviy muzeydan ilmiy-ma’rifiy platformaga aylantirgan.



Ikkinchi Renessans bo‘limi Temuriylar davrining ma’naviy va intellektual qudratini yoritadi. Amir Temur va Temuriylar sulolasi davrida ilm-fanga davlat siyosati darajasida homiylik qilingani, allomalar, me’morlar va san’atkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar orqali Samarqand va Hirotning jahon miqyosidagi ilmiy markazlarga aylangani qo‘lyozmalar, me’moriy maketlar va vizual installyatsiyalar orqali namoyon etilgani barchaga katta ta’surot qoldirdi.
Nufuzli mehmonlar shuningdek, Uchinchi Renessans g‘oyasi Yangi O‘zbekiston timsolida aks ettirilgan ekspozitsiyada ham bo‘lishdi. Ushbu bo‘limda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ilm-fan, ta’lim, innovatsiya va ochiqlik siyosati orqali O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida o‘z so‘zi va mustahkam o‘rniga ega bo‘lib borayotgani yaqqol ko‘rsatib berilgan. Mehmonlar mazkur bo‘lim bugun va kelajakni bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik sifatida Yangi O‘zbekistonning yuksalib borayotgan qiyofasini ifodalaganini e’tirof etishdi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari nodir Usmon Mushafi saqlanayotgan, Qur’on nusxalarining kamyob qo‘lyozmalari, qadimiy kitobat an’analari hamda islomiy xattotlik san’atining rivoji namoyish etilgan “Qur’oni karim zali” bilan ham tanishdilar. Zal markazida joylashtirilgan Usmon Mushafining YUNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgani yuksak baholanib, uning islom sivilizatsiyasi tarixidagi muhim va ishonchli manba ekani alohida e’tirof etildi.
Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy, Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Qatar Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti:
Bu markazda biror bir jihatni alohida ajratib ko‘rsatish qiyin — hammasi nihoyatda go‘zal va puxta o‘ylangan. Miloddan avvalgi uch ming yillik tarixdan boshlab bugungi Yangi O‘zbekistongacha bo‘lgan davr izchil va mantiqiy tarzda yoritilgan. Bu esa mamlakatda vaqt o‘tishi bilan qanday ulkan o‘zgarishlar yuz berganini aniq va ravshan ko‘rsatib beradi. Sizlarga eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi ilk taassurotlarim juda a’lo. Rostini aytsam, barcha ma’lumotlar shu qadar sodda, tushunarli va ta’sirli tarzda taqdim etililishini kutmagan edim. Bu menga juda katta taassurot qoldirdi. Qilingan barcha mehnatlar uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Eng avvalo Prezidentingizga, hukumatga va butun O‘zbekiston xalqiga samimiy rahmat aytmoqchiman.
Bu markaz Prezidentingiz tashabbusi bilan barpo etilgani bejiz emas. U juda ulkan va mas’uliyatli ishni amalga oshirdi. Islom tarixi va boy merosini asrab-avaylash, uni zamonaviy, sodda va tushunarli vizual vositalar orqali keng jamoatchilikka yetkazish katta sa’y-harakat va yuksak yondashuvni talab qiladi. Bu haqiqiy o‘rganish va anglash maskani. Bu yerga kelgan har bir inson — u musulmon bo‘ladimi yoki yo‘qmi — tarix va madaniyatni oson anglay oladi. Bu ishlarning barchasi ortida nihoyatda katta mehnat va fidoyilik mujassam.
Mixail Degtyaryov, Rossiya Federatsiyasi sport vaziri, Rossiya Olimpiya qo‘mitasi raisi:
Shuni ayta olamanki, juda yoqimli taassurot ostida qoldim. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan bu yerda juda katta ish amalga oshirilgan. Markaz muhabbat bilan, juda yuqori sifatda barpo etilgani yaqqol seziladi. Tarixiy jihatdan ekspozitsiya juda chuqur yoritilgan bo‘lib, bu, albatta, katta hurmatga loyiq. Ishonchim komil, ushbu markaz nafaqat O‘zbekiston aholisi, balki Toshkentga tashrif buyuradigan millionlab mehmonlar uchun ham katta qiziqish uyg‘otadi.
Artefaktlar orasida menga Baqtriyaga oid, milodiy I–II asrlarga tegishli gilam ayniqsa katta taassurot qoldirdi. Bunday nodir buyumlarning saqlanib qolganini va bu yerda nihoyatda ehtiyotkorlik bilan namoyish etilayotganini hayrat bilan kuzatdim.
Ekspozitsiyalar ichidan esa, muhandis bo‘lganim sababli, Mirzo Ulug‘bekning astronomiya va fundamental ilm namoyandasi sifatidagi faoliyatiga bag‘ishlangan bo‘lim menga eng ko‘p yoqdi. Chunki o‘sha davrda Yevropada odamlar oddiy gigiyena tushunchalaridan bexabar bo‘lgan bir paytda, Osiyoda allaqachon yulduzlar kuzatilib, ilm-fan yuksak darajada rivojlangan edi.
Sport mavzusiga kelsak, biz har doim xalqaro maydonda O‘zbekiston sportchilarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston terma jamoasini futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqqani bilan tabriklayman.
Umuman olganda, sport sohasida an’analar juda yaxshi shakllangan. Rossiya va O‘zbekiston sportchilari muntazam ravishda birgalikda mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda, tajriba almashuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bu hamkorlik bundan buyon ham kengayib boradi, deb ishonaman, o‘zbekistonlik sportchilarga esa katta muvaffaqiyatlar tilayman.
Majid Rashid, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti
Rostini aytsam, hozir his-tuyg‘ularimni ifodalash uchun so‘z topish qiyin. Bu yerda ko‘rganlarim va guvoh bo‘lganlarimdan nihoyatda hayratdaman, juda ajablandim va butun qalbim bilan juda xursandman. Ochig‘ini aytaman, men dunyoning hech bir joyida bunga o‘xshash maskanni ko‘rmaganman.
Bu joy juda puxta rejalashtirilgan, juda mukammal yaratilgan, juda yaxshi tashkil etilgan va nihoyatda batafsil ishlab chiqilgan. Bu yerda islom tariximiz, O‘zbekistonning boy tarixi va sivilizatsiyasi juda chuqur va aniq yoritilgan.
Shu o‘rinda, barchaning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga chuqur minnatdorlik bildiraman, shuningdek, ushbu loyiha ustida mehnat qilgan barchaga rahmat aytaman. Menimcha, bu markaz faqat O‘zbekiston uchun emas — butun dunyoda islomning asl mohiyatini bilishni istaganlar uchun asosiy manzilga aylanadi.
Markazda Birinchi renessans bo‘limida asl Kisvani ko‘rganimda his-tuyg‘ularim juda kuchli bo‘ldi. Hatto o‘rnimdan sakrab turib, unga qo‘limni tekkizgim keldi. Bu shunchaki bir buyumni ko‘rish emas — asl Kisva bevosita ko‘z oldingizda turibdi. Bundan tashqari, Maqomi Ibrohimning tarixiy yopqichi va Kisva ham asl holida shu yerda namoyish etilganini ko‘rdik.
Bu yerda buyuk islom olimlari va faylasuflari — Xorazmiy, Ibn Sino, Forobiy, shuningdek, hadis ilmining ulug‘ namoyandalari Buxoriy va Termiziylarning merosi ham chuqur yoritilgan. Bu — butun dunyoga algebra nima ekanini, til va fazo ilmlari nima ekanini o‘rgatgan, sun’iy yo‘ldoshlarsiz, kompyuterlarsiz, hech qanday zamonaviy yordamchisiz globus yaratgan buyuk zotlar haqida hikoyadir.
Shu bois, menimcha, bu maskan bugun islom tarixining asosiy markaziga aylangan.
Sport masalasiga kelsak, Dubayda bo‘lib o‘tgan Osiyo yoshlar Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston juda yosh jamoa bilan qatnashib, barchani hayratda qoldirdi. Ular juda shijoatli, qalbida kuchli energiya bor sportchilar. Natijada, sportchilari soni ko‘p va tajribasi katta bo‘lgan davlatlarni ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egallashdi. Bugun O‘zbekiston o‘zining strategik rejalari samarasini ko‘ryapti. Bu — barqaror tizim, amaliy harakat va real natijadir.
Men alohida ta’kidlashni istardim: Prezident Shavkat Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlovi juda muhim. Men uni xalq uchun, ayniqsa nogironligi bo‘lgan insonlar uchun otaday mehribon inson, deb atay olaman. Bu qo‘llab-quvvatlash oilalarni ruhlantiradi, yoshlarni ilhomlantiradi va barchani yetakchi o‘rinlarga intilishga undaydi.
Bu yil Nagoyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga qanday tayyorgarlik ko‘rilayotganini aniq bilmayman, ammo ishonchim komil — kelajak O‘zbekistonniki. O‘zbekiston Paralimpiya harakati juda muvaffaqiyatli va fidokorona ishlamoqda.
Albatta, O‘zbekiston Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalarining birgalikdagi sa’y-harakatlari ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Men bu yerda juda yorqin va porloq kelajakni ko‘ryapman.
Fahad Nasser Al-Sabah, Quvayt Olimpiya qo‘mitasi raisi:
– Avvalo, Quvayt Olimpiya qo‘mitasi nomidan ushbu Islom muzeyidagi ajoyib ekskursiya uchun chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman. Biz Olimpiya shahrini ham ko‘rdik. Bilasiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev tufayli O‘zbekistonning madaniyati va sivilizatsiyasi naqadar boy ekanini namoyish etish uchun barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilgan.
Shu bois, Quvayt Olimpiya qo‘mitasi nomidan sizlarga katta rahmat aytaman.
Markazda ko‘rilgan barcha jihatlar islomiy mamlakatlar bilan o‘zaro uzviy bog‘langan. Bu yerda joylashgan Qur’on, bilasiz, chinakam san’at asari. Bino, Qur’on, atrofimizdagi gilamlar — barchasi nihoyatda go‘zal.
Paolo Zampolli, AQSH Prezidentining maxsus vakili:
Bu yerda meni eng ko‘p hayratga solgan narsa, shubhasiz, muqaddas Qur’oni karim bo‘ldi. Uni sentyabr oyida ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lgan edim. Kecha delegatsiya a’zolari bilan ham kelgandim. Bugun yana qaytib keldim va endigina yetib kelgan o‘g‘limga ham uni ko‘rsatishni istadim. Bu men uchun juda noyob va qadrli holat bo‘ldi.
Umuman olganda, Islom sivilizatsiyasi markazi nihoyatda ta’sirli maskan. Menimcha, har safar Toshkentga kelganimda bu yerga albatta tashrif buyuraman. Boshqalarga ham shuni tavsiya qilaman: Toshkentga kelishning o‘ziyoq arziydi, ammo hech bo‘lmaganda shu markazni ko‘rish uchun albatta kelish kerak. O‘zbekiston juda chiroyli mamlakat, bu markazda amalga oshirilgan ishlar esa nihoyatda puxta, yuksak saviya va katta mas’uliyat bilan bajarilgan. U menda juda katta taassurot qoldirdi.
Shu munosabat bilan Prezident janoblariga, ushbu markazni qo‘llab-quvvatlayotgan barcha insonlarga va bu yerda fidokorona faoliyat yuritayotgan jamoaga chuqur minnatdorligimni bildiraman.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning faoliyatiga baho berar ekanman, aytishim mumkinki, u tinchlikparvar, yuksak insoniy qadriyatlarga ega va kelajakni o‘ylaydigan rahbardir. U bolalar va kelajak avlod taqdiri haqida qayg‘uradi, insonlarni birlashtira oladi va O‘zbekistonni chin dildan sevadi. Uning asosiy maqsadi — mamlakatni jahon maydonida munosib o‘ringa olib chiqishdir.
Biz birgalikda Boeing kompaniyasi bilan bog‘liq muhim kelishuvlar ustida ham ishladik. Natijada O‘zbekistonda ko‘plab yangi samolyotlar paydo bo‘ladi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo uchun Istanbul va Dubay singari yirik aviaportga aylanish imkoniyatiga ega, va biz aynan shu yo‘nalishda samarali hamkorlik qilmoqdamiz.
Vitold Banka, Xalqaro antidoping agentligi Prezidenti:
Rostini aytsam, bu maskanning naqadar yuksak saviyada tashkil etilganidan chin dildan hayratlandim. Bu Prezident janobi oliylarining ulkan tashabbusi, mamlakat va xalq uchun bebaho sovg‘a, sayyohlar uchun esa nihoyatda jozibali va qiziqarli maskan bo‘ladi. Ishonchim komilki, bu yerga kelajakda millionlab sayyohlar tashrif buyurishni istaydi.
Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishidan avval uni ko‘rish imkoniga ega bo‘lganimdan chuqur faxrlanaman. Ushbu markazni barpo etish yo‘lida tinimsiz mehnat qilgan barcha mutaxassislarni — quruvchilarni, muhandislarni va, albatta, bunday yuksak g‘oyani ilgari surgan Prezidentingizni samimiy tabriklayman.
Shuningdek, O‘zbekiston sport sohasida katta ambitsiyalarga ega davlat ekanini alohida ta’kidlamoqchiman. Yirik sport musobaqalarini o‘tkazish, muhim xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilish borasida mamlakat tobora faol bo‘lib bormoqda. Bugun bu yerda bo‘lib turganimning o‘ziyoq O‘zbekistonning global sport maydonidagi o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.