French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nufuzli anjuman qadim Kent ahli uchun ulkan voqea bo‘ladi
19:20 / 2022-08-26

Tashqi ishlar vazirligida 26 avgust kuni SHHT ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitiga tayyorgarlik jarayoniga bag‘ishlangan tadbirda mahalliy va mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy jurnalistlar qatnashdi.

R.Nurimbetov mamlakatimiz tomonidan mazkur nufuzli anjumanga a’zo davlatlar hamkorligida juda katta tayyorgarlik ishlari olib borilgani haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Bu galgi sammit an’anaviy shaklda o‘tadi, barcha a’zo davlatlar rahbarlari, shuningdek, SHHT tarkibidagi kuzatuvchi davlatlardan Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston yetakchilari ham tadbirda ishtirok etishini tasdiqlagan.

SHHTda yaxshi bir an’ana bor, ya’ni, raislik qiluvchi davlat tashabbusi bilan muhim sherik davlatlar rahbarlari ham eng yuqori darajadagi yig‘ilishga taklif etilishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, Turkiya va Turkmaniston Prezidentlari ham Samarqandga kelishini tasdiqlagan. Umuman, boshqa qator davlatlar rahbarlari tomonidan ham ushbu sammitga katta qiziqish bildirilmoqda.

Bundan bir yil oldin bo‘lib o‘tgan Dushanbe sammitida davlatimiz rahbari SHHTga raislikning ustuvor yo‘nalishlarini ta’kidlab o‘tgan edi. Shu asosda ishlab chiqilgan maxsus rejaga muvofiq, bugungi kungacha mamlakatimizda 80 dan ziyod anjuman o‘tkazildi. Tadbirlar nafaqat poytaxt Toshkentda, balki Samarqand, Buxoro, Farg‘ona viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etildi.

– Bu jarayonda asosiy e’tibor nafaqat savdo, iqtisodiyot, bank, ta’lim, tibbiyot masalalariga, balki axborot texnologiyalari, transport tizimidagi o‘zaro bog‘liqlik kabi ko‘plab boshqa istiqbolli yo‘nalishlarga ham qaratildi, – dedi R.Nurimbetov.

Shu davr mobaynida O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 15 ga yaqin hujjat Samarqand sammitida taqdim qilinishi kutilmoqda. A’zo davlatlar bilan kelishilgan holda tayyorlangan yana 30 ga yaqin hujjat anjuman ishtirokchilari muhokamasiga qo‘yiladi. Sammit arafasida milliy koordinatorlarning navbatdagi kengashi yig‘ilishida qolgan masalalar bo‘yicha ham tegishli xulosaga kelinadi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan ko‘tarilayotgan masalalar xususida to‘xtalarkan, Rahmatulla Nurimbetov Prezidentimiz alohida e’tibor qaratib, ilgari surgan uch asosiy yo‘nalish – transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish va turizm sohasini rivojlantirishga urg‘u berdi.

Ma’lumki, hozir xalqaro munosabatlar – davlatlar, xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. SHHTning asosiy maqsadlaridan biri ham aynan yaxshi qo‘shnichilikni, do‘stona aloqalarni mustahkamlash, madaniy muloqotni kengaytirishdan iborat. O‘zbekistonda ushbu masalalar doimo ustuvorlik kasb etgan.

Samarqand sammitida ham mamlakatimiz tomonidan ikki muhim hujjat – turizm sohasida hukumatlararo hamkorlik o‘rnatish va Shanxay hamkorlik tashkilotining ezgu maqsadlar bo‘yicha elchisi institutini joriy qilish loyihalari taklif etilishi rejalashtirilgan. Ta’kidlash joiz, bu juda muhim tashabbus mamlakatlarimiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatni yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekiston raisligidagi sammitga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Nisbatan qisqa vaqt ichida Samarqand shahrida beqiyos bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Binobarin, mazkur yirik va nufuzli anjuman qadim kent ahli uchun ham ulkan voqea bo‘ladi. Yaqin kelajakda Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, kundan-kunga yangilanib, chiroy ochayotgan Samarqand brendi Sharqdagi muhim turizm markazlaridan biri sifatida dunyo ahlini lol etishi, shubhasiz.

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA muxbiri