Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi va bir qator boshqa hamkor tashkilotlar bilan birga atoqli san’atkor Bertaxonim Davidova tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy xotira kechasi o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston xalq artisti Berta Davidova o‘zbek mumtoz qo‘shiq san’atining taniqli namoyondasi, noyob ovoz sohibasi, betakror san’atkor edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Berta Davidova 1922 yil Marg‘ilonda tavallud topgan. 1935-1938 yillar Toshkent tibbiyot texnikumida o‘qigan. Ikkinchi jahon urushi yillari Toshkent harbiy kasalxonasida hamshira bo‘lib ishlab, havaskor badiiy jamoalar tarkibida ham ijod qilgan. U yaralangan harbiy xizmatchilar uchun tashkil etilgan konsertlarda faol ishtirok etgan.
Berta opaning san’atga qadami 1943 yil O‘zbekiston Davlat radio qo‘mitasi xor jamoasida yakkaxon xonandalikdan boshlangan. Berta Davidovaning uzoq yillik mehnat va ijod yo‘li ushbu jamoa hamda Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli bilan bevosita bog‘liqdir.

B.Davidova milliy musiqa san’atimizning bebaho namunalari bo‘lmish “Shashmaqom”, “Munojot”, “Fig‘on”, “Saraxbori oromijon”, “Samarqand ushshog‘i”, “Dugoh”, “Bayot-1” kabi mumtoz qo‘shiqlarni yuksak mahorat bilan kuylagan edi. Ushbu musiqa asarlari bugungi kunda xalqimizning nodir musiqa xazinasiga aylangan.
Berta Davidova umri davomida mumtoz musiqa sirlarini puxta egallagan xonanda bo‘lishi bilan birga, milliy san’atimizning fodokor targ‘ibotchisi ham edilar. Yirik madaniy-ommaviy tadbirlar, konsertlarda ishtirok etish bilan cheklanmasdan, O‘zbekistonning turli hududlarida milliy maqom san’atimiz namunalarini maromiga yetkazib ijro etish orqali xalq hurmatiga sazovor bo‘lgan.

San’atkor milliy maqom yo‘nalishida ko‘plab shogird tayyorlagan mohir ustoz ham edi. Ko‘p yillar mobaynida u respublika radiosi huzuridagi Maqomchilar ansamblida va O‘zbekiston Davlat konservatoriyasining an’anaviy ijro mahorati kafedrasida samarali faoliyat olib bordi.
Berta Davidovaning milliy musiqa san’atimiz rivoji yo‘lidagi xizmatlari yuksak qadrlanib, “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni hamda “El-yurt hurmati” ordeniga munosib topilgan.
Tadbirda ustoz san’atkor ijodi, faoliyati xususida batafsil so‘z yuritildi. Mumtoz musiqa san’atiga oid kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri