Xitoyning Yaponiyaga noyob yer magnitlari eksporti o‘tgan yil dekabr oyida 8 foiz qisqardi. Sabab texnik emas, siyosiy. "Reuters" yozishicha, diplomatik taranglik bozorga darhol ta’sir qildi va Pekinning yanvardan boshlab “ikki maqsadli” mahsulotlarga qo‘ygan taqiqi xavotirni yanada kuchaytirgan.
Raqamlarga murojaat qilamiz: 2025 yilning oxirgi oyida kun chiqar yurt Chin mamlakatidan 280 tonna magnit oldi, noyabrda esa bu ko‘rsatkich 305 tonna edi. Shunga qaramay, yillik nisbatda yetkazib berish 31 foizdan ko‘proq oshgan. Tahlilchilar bu vaziyatni Tokio ehtiyot chorasi sifatida oldindan ko‘proq xarid qilgani bilan izohladi.
Endi savdo miqdori keskin kamayishi kutilyapti. Sabab aniq: harbiy maqsadda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarga taqiq. Bu qaror Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaitining Tayvan masalasidagi keskin bayonotidan keyin qabul qilindi.
AQSH ham istisno emas. O‘tgan yil so‘ngida XXRdan magnit eksporti 3 foiz kamayib, umumiy yetkazib berish 20 foizdan ko‘proq qisqardi. Pekin va Vashington o‘rtasidagi yuqori darajadagi muzokaralardan keyingina vaziyat biroz yumshadi.
Xulosa shuki, noyob yer magnitlari endi shunchaki sanoat xom ashyosi emas, balki geosiyosiy bosim vositasiga aylandi. Bozor esa har qanday siyosiy bayonotni darhol raqamga aylantirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA