Toshkent shahrida Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tomonidan tashkil etilgan ingliz tili fani o‘qituvchilari uchun 3 kunlik xalqaro seminar-trening boshlandi.
Buyuk Britaniyaning “Nottingham Trent” universiteti professorlari ishtirokida o‘tayotgan ushbu anjuman mamlakatimiz ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari mutaxassislari uchun mo‘ljallangan.

— Sifatli ta’lim jamiyatni o‘zgartira oladi, — deydi markaz direktori Sherzod Yakubov. — Bu jarayondagi hal qiluvchi kuch esa malakali pedagogdir. “Nottingham Trent” universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur trening ko‘zlangan maqsadga erishish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirning ilk kunida Jeyn Vikkers “Asosiy 4 ta ko‘nikmani rivojlantirish”, Martin Siver esa “Ingliz tili darsida o‘quvchiga yo‘naltirilgan yondashuvni qo‘llash” va “Ingliz tili darsi jarayonida interaktiv mashg‘ulot” mavzularida ma’ruza qildi.


— Men O‘zbekistonga ilk bor 1994 yil kelganman, — dedi akademik maqsadga yo‘naltirilgan ingliz tili dasturi rahbari professor Martin Siver. — Hozir esa mamlakatda katta o‘zgarishlar yuz berayotgani, xususan ta’lim tizimida izchil islohotlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lib turibman. Demak, bu galgi safarimiz o‘qituvchilarning kelgusi faoliyati uchun samarali bo‘ladi, deb umid qilaman. Trening chog‘ida mashg‘ulotlarni yanada qiziqarli uyushtirish uslublari ustida ishlayapmiz. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘quvchi dars jarayonida qanchalik faol bo‘lsa, u darsni shunchalik yaxshi o‘zlashtiradi.
Eng qiziq jihati, darslar “Macmillan” nashriyot uyining “Laser” ingliz tili o‘quv darsligi asosida tayyorlangan holda, interaktiv usulda tashkil etildi. Shuningdek, seminar davomida olinadigan bilim, ko‘nikmalar maktab o‘qituvchilari orqali yurtimiz bo‘ylab barcha maktablarda keng targ‘ib qilinadi.


Birinchi kun davomida bo‘lib o‘tgan seminar uch bosqichli loyihaning birinchi bosqichidir. Ikkinchi bosqich onlayn shaklda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kelajakda o‘zbekistonlik o‘qituvchilar malaka oshirish, o‘quv jarayonini kuzatish va Buyuk Britaniya pedagoglari bilan tajriba almashish uchun “Nottingham Trent” universitetiga borish imkoniga ega bo‘ladilar.

Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA