English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Noto‘g‘ri talaffuz bilan o‘qitilayotgan chet tili fanlari, oshirilgan repetitor narxlari: o‘qituvchining mahorati bugun qay darajada?
11:11 / 2022-05-25

Bugun har bir o‘quvchi maktab, litsey yo kollejni bitirgach, oliy o‘quv yurtiga kirishni xohlaydi, lekin ularning ongida «O‘qishga kirish uchun tanish-bilish, pul bo‘lishi yoki yaxshilab tayyorlanish kerak!», degan fikrlar bo‘ladi.

MAKTABLARDA TA’LIM TIZIMI TALABGA JAVOB BERADIMI?

Ma’lumki, joriy yilning 28 yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan maktab ta’limini rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktablardagi ta’lim sifati va mazmuniga keskin baho berilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda bugungi kunda 504 ming pedagogdan 12 foizi o‘rta maxsus ma’lumotli, 38 foizida esa umuman malaka toifasi yo‘q hisoblanadi.

Ma’lumki, ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarning dars o‘tish jarayonidagi xatoliklar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, o‘qituvchilarning o‘zlari chet tilini noto‘g‘ri talaffuz qilib, buzib o‘qitishi, aniq fanlarda jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yishlar kuzatilmoqda.

«Yoshlikda olgan bilim – toshga o‘yilgan naqsh kabidir», deydi xalqimiz. O‘z farzandini kelgusida oliy ma’lumotli bo‘lishini maqsad qilgan aksariyat ota-onalar bugun bor imkoniyatlarini bolasining mustahkam ta’limga ega bo‘lishiga safarbar etmoqda.

– Farzandim 14 yosh, – deydi Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida istiqomat qiluvchi Mahliyo Bo‘riyeva. – Maktabda bilim berish jarayoni qoniqarli emas. Bu masalada biz uning sinf rahbariga, maktab ma’muriyatiga ko‘p murojaat qildik. Ammo biz xohlagan ta’lim sifatiga hali-beri erisha olmaymiz shekilli. Vaqt bizni kutib turmaydi. O‘g‘lim ulg‘ayyapti. Kelgusida uni jamiyatga kerakli kadr bo‘lishini istaymiz. Uning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, kerakli bilimga ega bo‘lishi uchun qo‘shimcha darslarga qo‘ydik. Tan olish lozimki, aynan repetitor yollaganimizdan so‘ng, farzandimda ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlana boshladi. Bugun IT sohasida tengdoshlariga nisbatan ancha-muncha yaxshi ko‘rsatkichlarga erishyapti.

– Sohiba Mahmudova, Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumani: – Farzandim bu yil 3-sinfni tugatadi. Bilamizki, boshlang‘ich sinfda bola hayotidagi eng asosiy bilim ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Maktabidagi o‘qitish sifati juda past. Uyga kelganida, bola uchun shug‘ullanishga uy vazifalari ham berilmaydi. Maoshim kam bo‘lsa ham, boshqa xarajatlarimni qisqartirib, uning qiziqishlarini hisobga olib, matematika fanidan qo‘shimcha darslarga qo‘ydim. Shundan keyingina bolamda o‘qishga intilish, dars tayyorlash mas’uliyatini his qilish kabi harakatlarni ko‘rdim.

– Qizim 11 yosh, – deydi poytaxtlik Madina Alimjonova. – Maktabdagi o‘qitish tizimini tanqid qilish fikridan yiroqman. Ammo kelgusida qizimning oliy ta’lim dargohlarida o‘qib, tahsil olishini xohlayman. Buning uchun baribir o‘quvchi repetitorlarga borishi kerak, deb hisoblayman. Ammo, repetitor narxlari poytaxtda juda qimmat. Biz bitta ingliz tilidan bir oyda 550 ming so‘m to‘laymiz. Yana boshqa fanlardan ham qo‘shimcha darslarga qo‘yishni xohlardim. Afsuski, moddiy imkoniyatim yetarli emas.

Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning mart oyida repetitorlik narxlari fevral oyiga nisbatan, ya’ni bir oyda o‘rtacha 0,5 foizga oshgan. Repetitorlik narxlari yil boshidan buyon o‘rtacha 1,1 foizga oshgani kuzatilgan.

O‘tgan yilning mos davriga nisbatan, ya’ni bir yilda o‘rtacha 10,1 foizga qimmatlashgani kuzatilgan.

– Men oliygoh talabasiman, – deydi Nilufar Muhammadjonova. – Shartnoma pullarimga yengillik bo‘lishi uchun o‘qishdan tashqari ingliz tilidan repetitorlik qilaman. Har bir o‘quvchi uchun repetitor narxi 450 mingdan boshlanadi. Individual darslar uchun yanada narx ko‘tarilishi mumkin. Biz o‘quv markazlarida shartnoma asosida ishlaydigan o‘qituvchilarmiz. O‘zimizga belgilangan maosh asosida kelishib ish olib boramiz.

O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan mamlakatimizda ta’lim sifatini baholash tizimi o‘rganib chiqildi. Natijaga ko‘ra, shu paytgacha ta’lim tizimi sifati va yagona yondashuvga asoslangan real holatni baholovchi tizim bo‘lmaganligi aniqlangan. Shu bois bugun ta’lim sifatini aniqlash uchun bir necha tashqi manbalar ma’lumoti o‘rganilib, xalqaro tajribalar amaliyotga joriy etilgan holda shaffof hamda baholash mezonlari yaratilmoqda.

Darhaqiqat, har bir oila, har bir bola hayoti maktab bilan uzviy bog‘liqdir. Maktabdagi ta’lim sifati nazorati davlatning, jamiyatning eng muhim ishlaridan biri hisoblanadi.

Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tganidek, «Maktabda o‘qitish metodikasi o‘zgarmasa, ta’lim sifati ham, mazmuni ham, muhit ham o‘zgarmaydi».



Muhayyo TOSHQORAEVA, O‘zA