Joriy yilning 27-28-mart kunlari O‘zbekiston Notarial palatasi tomonidan “Yuksalish” umummilliy harakati hamda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda respublika bo‘ylab ikki kunlik “Notariuslardan bepul huquqiy bilimlar” aksiyasi o‘tkazildi.
Aksiya respublika bo‘ylab 30 ta manzilda – Davlat xizmatlari markazlari, Yoshlar markazlari, mahallalar binolarida o‘tkazilib, unda notariuslar, “Yuksalish” UMH va “Madad” NNT xodimlari tomonidan 2000 nafardan ziyod murojaatchiga bepul huquqiy maslahatlar berildi.

Shundan vasiyatnoma va meros bo‘yicha 170 nafar, mehnat va oilaviy munosabatlar bo‘yicha 270 nafar, boshqa ijtimoiy-huquqiy masalalar bo‘yicha 180 nafar, avtomototransport vositasining oldi-sotdisi bo‘yicha 360 nafar, ko‘chmas mulkni tasarruf etish bo‘yicha 220 nafar, boshqa ijtimoiy-huquqiy masalalarda 800 nafardan ziyod fuqaroga huquqiy maslahat va tavsiyalar berilib, O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi tomonidan tayyorlangan tarqatma materiallar va O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi kitobchalari tarqatildi.


Eslatib o‘tamiz, ushbu aksiyalar O‘zbekiston Notarial palatasi va “Yuksalish” UMH tomonidan 2020-yil sentyabr oyida imzolangan memorandum doirasida 6 marotaba o‘tkazildi. Bundan maqsad – fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish, aholi bilan muloqot mexanizmini yaratish , huquqni qo‘llash sohasidagi muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
