Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Notariat xizmatlaridagi yangilanishlar aholi manfaatlariga xizmat qilmoqda
14:53 / 2026-01-28

Yurtimizda notariat tizimi nafaqat yuridik amaliyotning ajralmas qismi, balki jamiyatimizdagi barcha qatlamlarning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi, shuningdek, nizolarning oldini olishga xizmat qiladigan yagona huquqiy institut sifatida tan olingan. Notariusning asosiy vazifasi nizolar yuzaga kelishini avvaldan aniqlash va taraflar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashdir. Iqtisodiy, oilaviy, meros, uy-joy va mehnat munosabatlarida notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar ko‘pincha sud jarayonlarining oldini oladi, bu esa tizimning preventiv odil sudlov maqomiga ega ekanligini tasdiqlaydi.

Bugun notariat tizimida yangiliklar bisyor. Notariat sohasining raqamlashtirilgani notariuslar uchun katta qulayliklar yaratmoqda. “ye-notarius.uz” axborot tizimining ishga tushirilgani tufayli ortiqcha ovoragarchiliklar, byurokratik to‘siqlar barham topdi. 

Bu tizim orqali notarial harakatlar uchun to‘lovlarni avtomatik tarzda hisoblash va elektron to‘lovlarni o‘tkazish, ularni tasdiqlovchi xabarlar yuborish hamda idoralararo elektron axborot almashish yo‘lga qo‘yildi. Notarial harakatlarning axborot tizimida majburiy qayd etilishi va hujjatga takrorlanmaydigan maxsus raqam berilishi suiiste’molchiliklarning oldini olmoqda. Hatto uydan turib notariuslarga onlayn navbat olish imkoni bor. 

Men Uchquduq tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanaman. Hududda olis ovullarda yashaydigan fuqarolar ham bor. Shu boisdan navbatlarning oldini olish uchun fuqarolar notarius huzuriga kelishdan oldin onlayn navbatga yozilishni odat qilmoqda. Bu aholi uchun juda qulay. Eng muhimi, qog‘ozbozlikka chek qo‘yilgani odamlar uchun ham, notarius uchun ham katta qulaylik yaratdi. 

Hozirgi kunda “ye-notarius.uz” axborot tizimi 15 dan ortiq davlat idoralari bilan integratsiya qilingan. Bu notariuslarning fuqarolarga “Yagona darcha” tamoyili asosida xizmat qilishiga imkoniyat yaratdi.

Bugun bu jarayon notariat tizimining samaradorligi oshirmoqda, raqamli texnologiyalarning joriy etilishi esa notarial xizmatlarning shaffofligini, ommabopligini ta’minlash bilan bir qatorda ulardan foydalanish imkoniyatini yengillashtirishga xizmat qilmoqda. Aniqrog‘i notariusning ishi ancha osonlashdi. Shu o‘rinda bitta qulaylik va yangilik haqida gapirmoqchiman. 

Aholiga qulaylikning eng ochiq misoli – notarial harakatlarning soddalashtirilishi. Masalan, endi avtomashinani sotish jarayonida turmush o‘rtog‘ingizdan rozilik arizasini olish uchun notarial idoraga borish shart emas: buni dunyoda istalgan joydan rasmiy ravishda amalga oshirsa bo‘ladi. Rozilik beruvchi “ye-notarius.uz” axborot portalida “Er-xotin umumiy tasarrufidagi mol-mulkni tasarruf etishga rozilik”ni tanlaydi, o‘zining shaxsiga oid ma’lumotlarni kiritadi va notarial harakatni yaratadi. Er yoki xotin qaysi avtomashinani sotishga rozilik berayotganini kiritadi. Portaldan ixtiyoriy notarius tanlanadi. Notarius notarial harakatni rasmiylashtirishga qabul qilib, vaqtni belgilaydi va taraflarning mobil telefoniga SMS-xabarnoma yuboriladi. Belgilangan vaqtda notarius taraflar ishtirokida videokonferensaloqa orqali notarial harakatni rasmiylashtiradi. Siz ushbu notarial harakatni uyingizdan yoki ish joyingizdan chiqmagan holda kompyuter yoki mobil telefoningiz orqali 15 daqiqada rasmiylashtirishingiz mumkin.

Endi yangilik haqida. 

Bu xabar fermerlarni quvontirishi bor gap. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning ijara huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish imkoniyati yaratildi. Endilikda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni elektron onlayn-auksion vositasida olish mumkin. Oldin yerni boshqa shaxsga o‘tkazish mumkin emas edi, ya’ni yer davlat tasarrufidagi davlat mulki sifatida qaralgan, uni boshqa shaxsga o‘tkazish uchun fermer yerni topshirishi kerak bo‘lgan. 

Endi esa boshqa shaxsga o‘tkazishda nafaqat sotish, balki hadya qilish, ayirboshlash, umuman tekinga berish mumkin. Bu bosqichlar mexanizmi Prezidentimizning 2024 yil 18 yanvardagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan. Unga ko‘ra, sotish, boshqa shaxsga o‘tkazish juda oson va hech qanday byurokratik to‘siqlarsiz, murakkab jarayonlarsiz amalga oshiriladi. 

Kim sotmoqchi yoki olmoqchi bo‘lsa, o‘zaro kelishuv qilib, notariusda tasdiqlangan bitim orqali boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkin. 

Asosiy maqsad – mulkiy huquqlar bilan bog‘liq munosabatlarni rasmiylashtirishda nizolarning oldini olish, inson manfaatlari yo‘lida notariuslik kasbi salohiyatidan samarali foydalanish hamda sohaning rivojiga o‘z hissasini qo‘shishdir. Bu esa O‘zbekistonda huquqiy davlat va adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

Elbek Muhitdinov,

Uchquduq tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius.

O‘zA