Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
N.Otabekov: Koronavirusga qarshi vaksina – zamonaviy tibbiyotning eng yuksak yutug‘i
17:28 / 2021-03-31

Ertaga mamlakatimizda COVID-19ga qarshi emlash jarayoni boshlanadi. Ammo ayrim yurtdoshlarimizda ushbu vaksinalarga nisbatan ishonchsizlik kayfiyati ham yo‘q emas.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, koronavirusga qarshi vaksina – zamonaviy tibbiyotning eng yuksak yutug‘i, unga ishonchsizlik bildirmaslik kerak. Aynan shu kabi vaksinalar sababli bugun mamlakatimiz bir qator xavfli kasalliklardan holi hudud, deb e’tirof etilgan. Koronavirusga qarshi vaksinalar ham pandemiyani yengishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekovga ko‘ra, ommaviy emlash tadbirlarini har tomonlama tizimli tashkil etish maqsadida 3 ming 138 ta emlash punkti va 862 ta harakatdagi tibbiy brigada tashkil etildi. COVAX doirasida 17 ta avtorefrijerator, 206 ta yuk tashuvchi miniven va 16 ta yengil avtotransport vositasi yetkazib berildi. Emlash jarayonida qatnashadigan 4 ming nafardan ortiq shifokorlar va 11 ming nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimlari tayyorgarlikdan o‘tkazildi. Vaksinalarni qo‘llash yuzasidan o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida targ‘ibot materiallari chop etildi.

Shuningdek, xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamini emlash ishlarini tizimli tashkil etish va salbiy holatlarning oldini olish maqsadida ommaviy emlash tadbirlarini bosqichma-bosqich joriy yilning 1 aprelidan Toshkent va Nukus shahri hamda viloyatlar markazlaridagi 219 ta emlash punktida bir oyda 142,3 ming emlash o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Birinchi navbatda, 65 yoshdan kattalar va koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lgan tibbiyot xodimlari, may oyidan qo‘shimcha shahar va tuman markazlaridagi 1 ming 37 ta emlash punktida bir oyda 674 ming emlash o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Iyun oyidan esa barcha emlash punktlarida COVID-19 ga qarshi vaksinatsiya ishlari amalga oshiriladi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA