Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Noshirlik faoliyatining huquqiy asoslari yanada mustahkamlanmoqda
13:51 / 2025-07-15

Parlament quyi palatasi majlisida “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga nashriyot bosh muharririning huquqiy maqomini belgilash, kitobxonlik madaniyatini rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritilmoqda.

Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan berilgan qator takliflar e’tiborga olingani va ularning aksariyati hujjat matnida o‘z ifodasini topganini qayd etdilar.

[gallery-24327]

Qonun loyihasining qabul qilinishi noshirlik mahsulotlarini qonunchilikka muvofiq sifatli chop etilishi hamda jamiyatda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Majlisda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Jahonda oziq-ovqat, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talab yildan-yilga ortib borayotgan bugungi kunda ushbu qonun loyihasining ahamiyati katta bo‘lmoqda.

Shu sababli, loyiha yaqinda Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qizg‘in bahs-munozaralar asosida ko‘rib chiqilgan edi.

Hujjat ikkinchi o‘qishgacha bo‘lgan davrda fermerlar, dehqonlar va boshqa mahsulot yetishtiruvchilar bilan yana bir bor muhokamalardan o‘tkazildi.

Majlisda deputatlar dala chetlarida mahsulot yetishtirish bo‘yicha qonunchilik hujjatlari asosida joriy etilgan yangi tartibga alohida e’tibor qaratishdi. Unga ko‘ra, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan har yili 1 yanvarga qadar suv ta’minoti va ekin ekish imkoniyati mavjud bo‘lgan yerlar tanlab olinadi va hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, ekin turlari bo‘yicha hokimliklarga taklif beriladi.

Hokimliklar tomonidan esa har yili 1 fevralga qadar tegishli yil hosili uchun dala chetlarida yetishtiriladigan mahsulot, ularning turi, ko‘chati, urug‘i va ajratilgan yer maydonlari bo‘yicha yillik prognoz ko‘rsatkichlar tasdiqlanadi.

Shuningdek, yangi tartibda dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirganlariga fitosanitariya sertifikati bepul berilishi, mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi miqdorida subsidiya ajratilishi hamda har bir mahsulot yetishtiruvchilarga ko‘mak ko‘rsatish uchun O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining hududiy inspektorlari biriktirilishi kabi rag‘batlantiruvchi mexanizmlar mavjud.

Aytib o‘tilganidek, amaldagi qonunchilikda dala chetlarining ekin ekilishi belgilangan maydonlarida yer egasi o‘zi maqbul ekin ekishi yoki ikkilamchi ijaraga bergan holda ekin ekilishini tashkil qilishi belgilangan. Agarda vazifa bajarilmasa, ya’ni yer egasi o‘zi ekin ekmasa, oshirilgan soliq to‘lashi, ikkilamchi ijarachi ekin ekmasa, jarimaga sabab bo‘ladi.

Qonun loyihasida respublikamizning ayrim hududlarida iqlim sharoitidan kelib chiqib, aprel oyida ham birlamchi ekin ekilishi holatlari mavjudligini inobatga olgan holda, mahsulotlarni 1 mayga qadar ekish zarurligi mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, mahsulot yetishtirmaganlik uchun yer egasining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlariga yer solig‘ini oshirilgan holda hisoblash yer uchastkasining faqat ekin ekilmagan qismi uchun belgilanishi ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan qo‘shimchalar ham amaliyot bilan uyg‘un holda takomillashtirilib, jarima faqatgina dala chetlarini ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilarga nisbatan qo‘llanilishi belgilanmoqda. Ushbu jarimalar miqdori ham kamaytirilib, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Majlisda ko‘rilgan navbatdagi masala “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Ushbu qonun loyihasi bilan ayrim pirotexnika buyumlarini, xususan, xavfli hududi kichik bo‘lgan Bengal mayoqchalari, dasturxonni va tortlarni bezashda ishlatiladigan turli effektlar beruvchi pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yaratish, ishlab chiqarish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tashish, realizatsiya qilish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanishga oid amaldagi tartib saqlab qolinmoqda.

Shu bilan birga, qolgan xavfli turdagi pirotexnika buyumlarini esa faqatgina texnik va maxsus maqsadlarda yaratish, ishlab chiqarish, saqlash, tashish, realizatsiya qilish va foydalanishga ruxsat berish ko‘zda tutilyapti.

Qonun loyihasi pirotexnika buyumlari muomalasi sohasida nazoratni kuchaytirish va ta’sir choralarining samaradorligini oshirish, shuningdek sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish hamda maxsus moslashtirilmagan sharoitlarda, noma’lum, sifatsiz komponentlardan ishlab chiqarilgan va sertifikatlanmagan, respublika hududiga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan pirotexnika buyumlaridan aholining jabrlanishi va zarar ko‘rishi holatlarini bartaraf etishga qaratilgan.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

N.Nasriyev,

R.Nazarmatov(surat)

O‘zA