Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Noshirlar va mualliflar hamkorligi” mavzusida seminar
15:40 / 2023-08-04

Joriy yilning 3-4 avgust kunlari Toshkent viloyatidagi “Parkent ijod uyi”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan “Noshirlar va mualliflar hamkorligi” mavzusida seminar tashkil etildi.

AOKA direktori o‘rinbosari G‘ayrat Bozorov so‘nggi yillarda mamlakatda nashriyotlar soni salkam 3 barobarga oshganini, o‘tgan 3 yillikda 26 ming 754 nomdagi 132 million nusxada adabiyot chop etilganini ta’kidladi.  

Shu bilan birga, jahon adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashr etishda yetarli malaka va tajribaga ega bo‘lmagan havaskor tarjimonlar ishlashi natijasida asarlar badiiy saviyasi sayozlashib borayotgani, shu sabab mohir va tajribali tarjimonlarni jalb qilgan holda “Tarjimonlar maktabi”ni tashkil etish, unda ustoz-shogird an’anasi asosida yosh tarjimonlarni tayyorlash masalasiga alohida to‘xtaldi. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri, ustoz ijodkor Sirojiddin Sayyid mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kitobxonlik, milliy adabiyotimizni rivojlantirish borasidagi tashabbuslari tobora keng quloch yozayotgani, bu boradagi ibratli sa’y-harakatlar boshqa davlatlar uchun ham ibrat olishga arzigulik ekanini ta’kidladi.  

Seminar doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda bolalar va o‘smirlar adabiyotlari bo‘yicha ijodkorlar va noshirlarning hamkorliklarini rivojlantirish, jahon bestseller va klassik asarlarini tarjima qilishda savodxonlik, shuningdek, tarjima asarlar geografiyasini kengaytirish, qonunchilikda mualliflik huquqi himoyasi ta’minlanganlik masalalari keng muhokama qilindi.  

Shuningdek, noshirlik faoliyatini yuritishda muharrirlarning mas’uliyatlari, mualliflar bilan ishlash tamoyillari va mezonlari, kitobxonlarning ehtiyojlari va zamon talabiga mos yondashuvlar hamda boshqa sohaga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr va tajriba almashildi.  

Seminarda shuningdek, “Kitobsevar millat” shiori ostida “Kitobxonlik haftaligi”da e’lon qilingan “Yilning eng yaxshi kitobi” tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.  

E’tiborga molik jihati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan “Ogahiy devoni” kitobi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi kitobi” tanlovining “Eng yaxshi adabiy-badiiy kitob” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.  

Seminar qatnashchilari o‘rtasida turli sport yo‘nalishlarida musobaqalar ham  bo‘lib o‘tdi.  

Samimiy suhbat, qizg‘in muhokamalarga boy bo‘lgan seminar noshirlar va mualliflar hamkorligini yana bir pog‘ona yuksaltirish uchun muhim maydon bo‘ldi.  

N.Usmonova, O‘zA