Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida o‘tayotgan XXV qishki Olimpiya o‘yinlarining navbatdagi kuni ham orta qoldi.
O‘yinlarning 16-fevral kungi musobaqalari hamyurtlarimiz uchun ham muvaffaqiyatli o‘tdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ushbu kunning short-trek bahslarida hamyurtimiz Daniil Yeybog 500 metr masofada kechgan poygada chorak finalda chiqish qilib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Endi sportchimiz 18-fevral kuni Olimpiya o‘yinlarining medallari uchun bahslarga kiradi.

Kechagi kun yakunlariga ko‘ra, medallar jamg‘arish bo‘yicha eng yuqori natija hamon Norvegiya delegatsiyaga tegishli bo‘lib turibdi. Jumladan, ushbu delegatsiya hisobida 12 ta oltin, 7 ta kumush va 9 ta bronza, jami 28 ta medal mavjud. Ikkinchi o‘rinda borayotgan Italiya 8 ta oltin, 4 ta kumush va 11 ta bronza, umumiy hisobda 23 ta medalni qo‘lga kiritdi. Kuchli uchlikni AQSH 6 ta oltin, 8 ta kumush va 5 ta bronza medal bilan yakunladi.

Umumjamoa hisobida Niderlandiya 6 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza, Avstriya 5 ta oltin, 7 ta kumush va 3 ta bronza bilan 4-5-o‘rinni band etdi. Shuningdek, Shvetsiya (5-5-1), Shveysariya (5-2-3), Germaniya (4-7-6), Fransiya (4-7-4), Yaponiya (4-5-9) 6-10-pog‘onalarda qayd etildi.
Ma’lumot uchun, XXV qishki Olimpiya o‘yinlarining bugun, 17-fevral kungi dasturidan kyorling, xokkey, chang‘i, snoubord, bobsley va fristayl sport turlari bo‘yicha bahslar o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA