Bugun Norvegiyada milliy bayram. 1814 yildan buyon ushbu mamlakat mustaqillik, milliy birlik va demokratiya qadriyati ramzi - Konstitutsiya kuni (Grunnlovsdagen)ni nishonladi. Boshqa ko‘plab davlatlardan farqli o‘laroq, bu yurtda milliy kun harbiy parad bilan o‘tmaydi: birinchi navbatda bolalar va fuqarolik jamiyati bayrami hisoblanadi.
1814 yil 17 may kuni Eydsvol shahrida Norvegiya Konstitutsiyasi qabul qilingan. Mamlakat Daniya bilan 400 yillik ittifoqdan so‘ng mustaqillik sari qadam tashlagan. Tez orada Shvetsiya bilan ittifoq tuzgan bo‘lsa-da, mazkur sana milliy o‘ziga xoslikning muhim ramzi bo‘lib qoldi.
Avvaliga bu bayram turli tarzda taqiqqa duchor bo‘lgan. Faqat XIX asr o‘rtalarida, cheklov olib tashlangach, Konstitutsiya kuni butun mamlakat bo‘ylab keng nishonlana boshladi.
Bu kunning o‘ziga xos xususiyati shundaki, butun mamlakat bo‘ylab bolalar paradi (barnetog) bo‘lib o‘tadi, maktab o‘quvchilari bayroq ko‘tarib, orkestr hamrohligida yurish qiladi.
Aholi mintaqadan kelib chiqib, turli rang va uslubda o‘zgaradigan an’anaviy xalq kamzuli – byunad kiyadi. Ushbu kiyim milliy g‘urur va madaniy meros timsoli sanaladi.