Stokgolm shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahobov Norvegiya xalqaro munosabatlar instituti (NUPI) Iqlim va energetika bo‘yicha tadqiqot guruhi rahbari doktor Roman Vakulchuk bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish, energetik o‘tish va iqlim siyosati yo‘nalishlarida ilmiy, ekspertlik hamkorligini mustahkamlash istiqbolini muhokama qildilar.
Doktor Vakulchuk qayd etganidek, xrom, marganets, qo‘rg‘oshin, rux kabi muhim elementlarga boy bizning mintaqamiz quyosh paneli, shamol turbinasi va akkumulyator ishlab chiqarish uchun asosiy resurs makoni hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyo global energetik o‘tish sharoitida ushbu strategik xom ashyo zanjirida muhim bo‘g‘inga aylanish salohiyatiga ega.
O‘z navbatida J.Vahobov yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va karbon isini kamaytirishga qaratilgan infratuzilma loyihalariga sarmoya jalb etish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar MOXI va NUPI o‘rtasida qo‘shma tadqiqot olib borish, ekspert seminarlarini tashkil qilish, tahliliy materiallar almashish orqali hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdorliklarini bildirdilar. Bunday aloqalar Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish bo‘yicha samarali strategiya ishlab chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
Norvegiya xalqaro munosabatlar instituti siyosat, xavfsizlik, energetika va iqlim masalalariga ixtisoslashgan yetakchi tadqiqot markazidir. Ushbu muassasa barqaror taraqqiyot, xalqaro hamkorlik jarayoniga ta’sir ko‘rsatadigan global va mintaqaviy loyihalar, tashabbuslarni chuqur tahlil qiladi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA