Markaziy Osiyo xalqaro institutida Norvegiya Tahririyatlarassotsiatsiyasi a’zosi, “Geopolitika.no” nashri bosh muharriri Xenrik S.Verenskiold bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarini ekspertlik jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Zero, bunday uchrashuvlar mintaqaviy taraqqiyotga oid muvofiqlashtirilgan yondashuvlar ishlab chiqish uchun muhim maydonga aylanib bormoqda.
Tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi muntazam muloqot xavfsizlik, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish sohalarida qo‘shma tashabbuslar ilgari surish uchun mustahkam zamin yaratishini ta’kidladilar.
Xenrik S.Verenskiold so‘nggi yillarda mintaqamiz davlatlari o‘zaro muloqotni mustahkamlash va “Markaziy Osiyo+” kabi ko‘p tomonlama formatlarni rivojlantirishda izchil yutuqlarga erishayotganini e’tirof etdi.
[gallery-24041]
Xususan, Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Xitoy transport yo‘lagi kabi yirik infratuzilma loyihalari mintaqaviy integratsiya va iqtisodiy o‘sish uchun yangi imkoniyatlar ochib berayotgani alohida qayd etildi.
Tomonlar Yevropa shimolidagi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik amaliyoti – “Nordic Council” tajribasini muhokama qilib, mintaqaviy platformalarni mustahkamlash va ekspertlar almashinuvini kengaytirish zarurligini ma’qulladilar. Shuningdek, Markaziy Osiyodagi jarayonlarni tahlil qilish, ekspert jihatdan qo‘llab-quvvatlash salohiyatini rivojlantirish, mintaqa va Shimoliy Yevropa ekspert doiralari o‘rtasidagi kasbiy aloqani chuqurlashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mintaqaviy taraqqiyot mavzusi yuzasidan doimiy muloqotni davom ettirish, ekspertlar darajasida fikr almashinuvini yo‘lga qo‘yishga o‘zaro qiziqish bildirdilar.
“Geopolitika.no” xalqaro siyosat, xavfsizlik va global tendensiyalar yo‘nalishlariga ixtisoslashgan Norvegiyaning yetakchi tahliliy nashri sifatida o‘z tarkibida dunyoning turli mintaqalarida sodir bo‘layotgan voqealarni chuqur tahlil qiluvchi ekspertlar va jurnalistlarni jamlagan.
G‘.Xonnazarov, O‘zA