O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uyushma a’zosi Norto‘xta Qilichning “Tanlangan asarlar” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo Prezidentimizning adabiyot, yozuvchi va shoirlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro adabiy hamkorlik rishtalarini kengaytirishga qaratayotgan e’tiborini ijodkorlar doim his etayotganini e’tirof etdi.
–Yozuvchi har bir asarni qalbi, armon va iztiroblari, hayoti, ruhini baxshida etib yaratadiki, uning kitobxon qo‘liga yetib borishi juda muhimdir, – dedi Minhojiddin Mirzo. – Bugun taqdimoti bo‘layotgan ana shunday zahmat va mehnatlardan yaralgan kitob ham Vatan adabiyoti degan muqaddas ummonga kelib qo‘shiladi. Norto‘xta Qilichning “Tanlangan asarlar”i chop etilishi milliy adabiyotimiz, ijodkorlarga ko‘rsatilayotgan ana shu e’tiborning yana bir yorqin namunasidir.
[gallery-21612]
Falsafa fanlari doktori, professor Viktor Alimasovning aytishicha, Norto‘xta akaning asarlarini o‘qigan kitobxon an’analar, real voqelik va hayotiy xotiralar uyg‘unligining guvohi bo‘ladi.
– Norto‘xta Qilich o‘ziga xos yangi uslub yaratgan, – dedi adabiyotshunos olim, professor Suvon Meli. – Bu ijod namunalarining essedan farqi shundaki, muallif o‘zi bilan o‘zi bahs qilayotgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Nasrda nima muhim – o‘zini qo‘yib yuborishmi yoki tiyilishmi, degan savol yuzaga keladi. Norto‘xtaning asarlarini o‘qib, yozuvchi nimani yozishidan ko‘ra, nimani yozmaslikni bilishi kerakligini anglaganini his etish mumkin.
Darhaqiqat, “Tanlangan asarlar” to‘plamiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli adib Norto‘xta Qilichning ko‘p yillik ijodiy bisotidan namunalar tanlab, saralab berilgan. Undan joy olgan asarlar hech bir kitobxonni befarq qoldirmaydi. Kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etildi.
Norto‘xta Qilich zamonaviy adabiyotimizning kenja avlodiga mansub iste’dod sohibidir. U 1946 yil Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi G‘ishti qishlog‘ida tug‘ilgan.
1971 yilda Toshkent Davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tugatgach, “Buxoro haqiqati”, “Xorazm haqiqati”, “Toshkent oqshomi” gazetalarida, “Sharq yulduzi” jurnalida, bir qator nashriyotlarda ishlagan.
Norto‘xta Qilichning ilk hikoyalari 60-yillarida tuman gazetasida bosilib chiqqan. Uning «Oppoq tong» nomli birinchi hikoyalar to‘plami 1981 yilda nashr qilingan. O‘shandan beri uning “Yorongul” (1981), “Mo‘’jiza” (1984), “Chig‘iriq” (1988) “Bayram” (1991), “Iltijo” (1992) nomli hikoyalar va qissalar to‘plamlari nashr etilgan.
Norto‘xta Qilichning “Bayram” nomli to‘plamiga kirgan qissa va hikoyalari adib ijodining sarasi bo‘lib, unda muallif inson taqdiri va hayot ma’nosi haqida falsafiy mushohada yuritadi. Asardagi voqealar ko‘p hollarda dramatik ruhi, teranligi bilan o‘z kitobxonini jalb etadi.
Ayniqsa, undagi qahramonlar o‘zlarining axloqiy pokligi bilan o‘quvchiga katta ma’naviy oziq beradi, estetik zavq bag‘ishlaydi. Shuningdek, adibning ko‘p asarlari muallifning o‘ziga xos badiiy tili, sodda, oddiy, ravonligi bilan qimmatlidir.
Yozuvchining hikoyalari qozoq, qoraqalpoq, belarus, ukrain va rus tillariga tarjima qilingan.
–Aslida hayotimda turli tadbirlar, tantanalardan “qochib” yuraman, – dedi Norto‘xta Qilich. – Uyushma tomonidan kitobimning nashr etilgani, uning shunday muhtasham taqdimoti o‘tkazilayotganidan juda minnatdorman.
Taqdimotda so‘zga chiqqanlar adibning ijodiy faoliyati haqida to‘xtaldi. Yig‘ilganlarga muallifning "Tanlangan asarlar" kitobi tuhfa etildi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA