Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida deputatlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalarini qizg‘in muhokama qildilar.
Jumladan, birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi korrupsiyaga qarshi kurashish, bu illatning oldini olishga qaratilgan muhim hujjatlardan biri hisoblanadi.
Gap shundaki, bugungi kunda mamlakatimizda normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi bilan bog‘liq faoliyatni tartibga soluvchi biron-bir qonun mavjud emas. Bu sohadagi ijtimoiy munosabatlar idoraviy normativ-huquqiy hujjat — adliya vazirining 2021 yil 24 fevraldagi “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i bilan tartibga solib kelinmoqda. Vaholanki, dunyoning ko‘plab davlatlarida bu masala bo‘yicha alohida, qat’iy va aniq qonunlar qabul qilingan.
Fraksiya a’zolarining fikricha, qonun loyihasining asosiy maqsadi mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish va boshqa turdagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi normalarni aniqlash va ularni bartaraf etish hisoblanadi. Uning qabul qilinishi esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli amalga oshirishga imkon beradi. Shuningdek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning normativ-huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Fraksiya a’zolari me’yoriy-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilishi davlat idoralari faoliyatining samarali yo‘lga qo‘yilishida, ijtimoiy himoya vazifalari to‘g‘ri bajaralishida muhim ahamiyatga ega ekanligiga alohida e’tibor qaratdi.
Qizg‘in muhokama va fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi ma’qullandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, O‘zbekiston XDP fraksiyasining joriy yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati yuzasidan hisobot ham ko‘rib chiqildi.
— Hisobot davrida fraksiya yig‘ilishlarida 62 ta qonun loyihasi birinchi o‘qishda hamda 45 ta qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan, — dedi fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov. — Fraksiyaning qonun ijodkorligi rejasidan o‘rin olgan 5 ta qonun va qonun hujjatlari loyihalariga fraksiya a’zolari tomonidan partiya Saylovoldi dasturidan kelib chiqib berilgan takliflar qabul qilingan. Fraksiya partiya bilan hamkorlikda 38 ta qonun loyihasining joylardagi muhokamasini tashkil etib, ularda fuqarolar tomonidan bildirilgan 120 ga yaqin taklif jarayonda inobatga olingan.
Shuningdek, yig‘ilishda fraksiya a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishda faol ishtirok etayotgani aytib o‘tildi. Mazkur hujjatga takliflarni ishlab chiqishda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarning huquq va manfaatlarini to‘laqonli ifoda etishga, joylardagi o‘rganishlar davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarga yechim topish, shuningdek, saylovchilarning fikr-mulohazalariga alohida e’tibor berilgani ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA