Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Norinda baliqchilik rivojlanmoqda
09:00 / 2025-11-12

FOTOREPORTAJ

Namangan viloyati Norin tumani aholi xonadonlarida intensiv usulda baliqchilikni yo‘lga qo‘yish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirda Yuqori Cho‘ja, Uchtepa, Soybo‘yi, Changitma, Xo‘jaqo‘rg‘oncha mahallalaridagi xonadonlarda forel baliqlarini parvarishlash ommalashib bormoqda. 

“Norinkapa” massivi hududidagi 2,2 gektar yer maydonida tashkil etilgan klaster Prezidentimizning joriy yil sentyabr oyida Namanganga tashrifidan so‘ng faoliyatini yangi bosqichga ko‘tardi. Tadbirkor aholi xonadonlariga yaqin hududlarda intensiv usulda baliq yetishtirish hamda kooperatsiya usulida “xonadon – kooperatsiya – klaster” zanjirini yaratib, baliq yetishtiruvchi oilalar sonini 200 taga yetkazishni maqsad qilgan. 

Loyiha qiymati 3 million AQSH dollarini tashkil etgan korxona ikki gektardan ziyod hududda barpo etilgan. Superintensiv usuldagi 76 ta innovatsion hovuzning ayni paytda 40 tasi ishga tushirildi. Korxona yiliga 2 ming tonna baliq yetishtirib, 5 million AQSH dollarilik mahsulot eksport qilishni mo‘ljallangan. 

– Fosfor, omega-3 va omega-6 kabi yog‘ kislotalariga boy forel baliqlarining kundalik taomnomada bo‘lishi insonda xotira susayishi, yurak-qon tomir va asab kasalliklarining oldini oladi, - deydi tadbirkor Azizbek Daminov. – Bugun nafaqat yurtimizda balki xorijda ham baliqning ushbu kamyob turiga ehtiyoj katta. Hududimizning imkoniyatlari esa baliq yetishtirish borasidagi ishlarimizga keng yo‘l ochmoqda. Ko‘plab oilalarga baliq parvarishlash texnologiyasini o‘rgatdik. 

Tadbirkorning aytishicha, baliq lichinkalari o‘zimizda yetishtiriladi, ozuqasi esa Germaniya hamda Eron davlatlaridan keltiriladi. Baliq yetishtirish agrotexnikasi shundaki, ozuqa vaqtida berilib, hovuzlar doim pokiza saqlanishi hamda suv tinimsiz aylanib turishi kerak. Tumanda yer osti suvlarining yer yuzasiga yaqinligi sababli zaxlanish darajasi yuqori. Buning bartaraf etishning samarali usuli tik quduqlardan foydalanishdir. Meleorativ quduq suvi esa forel yetishtirish uchun ayni muddaodir. Mutaxassislar fikricha, har bir tik quduqda yiliga 13 tonnadan 20 tonnagacha baliq yetishtirish mumkin. Afzalligi – hosildorlikning yuqoriligida. Jahon bozorida ham forel balig‘iga bo‘lgan talab ortgan.

[gallery-26194]

Bugungi kunda Xo‘jaqo‘rg‘oncha mahallasidagi 25 ta xonadon klaster bilan kooperatsiya qilib, har biri yiliga 150 million so‘mgacha daromad ko‘rayapti. Tumanda baliqchilik rivojlangani samarasi korxona yonida zamonaviy restoran ham barpo etildi. Unda baliqdan turli xil taomlar tayyorlanadi. Bu esa eko va gastronomik turizm rivojiga ham xizmat qiladi. 

Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA